Qozog‘istonni chetdan sarosimaga solishmoqchi – To‘qayev kiberhujumlardan ogoh bo‘lishga chaqirdi

Olam

image

Qozog‘istonda konstitutsiyaviy islohotlar, prezidentlik va parlament saylovlari bilan bog‘liq yirik siyosiy kampaniyaga start berilganidan keyin mamlakatga tashqaridan axborot va kiberhujumlar ko‘paygan. Bu haqda bugun, 30 sentyabr kuni Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Abay viloyati jamoatchiligi bilan uchrashuvda aytdi.

Qayd etish kerakki, 24 sentyabrdan boshlab internetning Qozog‘iston segmentiga kiberhujumlar uyushtirilmoqda. 

Prezident To‘qayevning fikricha, ayrim kuchlar chetdan shunday harakatlar uyushtirib, mamlakat ichida inqilob uyushtirish niyatida.

“Mamlakatimizda katta siyosiy kampaniya boshlandi. Albatta, saylov e’lon qilingandan keyin turli muhokamalar bo‘lishi mumkin. Lekin yurtimiz manfaatlariga zid bo‘lgan fikrlarni bildirayotganlar, hatto yolg‘on ma’lumotlar tarqatayotganlar ham bo‘lishi mumkin. Biz bundan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Saylov e’lon qilingandan so‘ng turli yolg‘on ma’lumotlar va “feyk”larning tarqalishi kuchayib, kiberhujumlar faollashdi. Va bu tasodif emas. Ayrim tashqi kuchlar shu tariqa yurtimizni sarosimaga tushirish niyatida. Ular Qozog‘istondagi ijobiy o‘zgarishlarning oldini olmoqchi. Ammo biz tanlagan yo‘ldan qaytmaymiz”, deydi Prezident.

Shuningdek, u Qozog‘istonning hozirgi xalqaro vaziyat bo‘yicha pozitsiyasini yana bir bor bayon qildi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda dunyo misli ko‘rilmagan geosiyosiy keskinlashuvni boshidan kechirmoqda va keskinlik eng yuqori cho‘qqiga yetgan. Butun dunyodagi siyosatchilar va ekspertlar yadro qurolidan foydalanish xavfini jiddiy muhokama qilmoqda.

“Atom energiyasi insoniyatning ajoyib yutug‘i bo‘lib, u xalqaro kurashning buzg‘unchi quroli bo‘lmasdan, faqat xalq va mamlakatlar manfaati uchun ishlashi kerak. Mustaqillik yillarida Qozog‘iston bu pozitsiyani izchil himoya qilib kelgan”, deydi To‘qayev.

Davlat rahbari Qozog‘iston doimo murosa yechimlarini topish, xavfsizlik va ishonchni mustahkamlash, umumbashariy taraqqiyotga erishishga qaratilgan konstruktiv tashqi siyosat dasturini taklif qilishini aytib o‘tgan.

“Shubhasiz, zamonaviy dunyo tartibi hozir kuchli inqirozni boshidan kechirmoqda, uning oqibatlari barcha mamlakatlar uchun halokatli bo‘lishi mumkin. Insoniyat kelajagi uchun umumiy mas’uliyatni anglash, xalqaro huquqning belgilangan tamoyillariga rioya qilish, davlatlarning o‘zaro manfaatlarini hurmat qilish asosidagina undan chiqish mumkin”, deydi Prezident To‘qayev.

Bundan tashqari, uchrashuvda To‘qayev zamonaviy jamiyatda odamlarning bir-biriga bo‘lgan hurmati, ishonchi pasayib borayotganini ta’kidlab, shafqatsizlik va ishonchsizlik, loqaydlik odamlarni sarosimaga soladigan yomon odatlar ekanini ta’kidlagan.

“Mamlakat bo‘lmoqchi bo‘lsak, avvalo, yoshlarga ma’naviy-axloqiy fazilatlarni singdirishimiz kerak. Mamlakatimizda mas’uliyat mafkurasi yo‘lga qo‘yilishi kerak. Dunyodagi vaziyat juda qiyinlashdi. Bunday vaziyatda biz butun xalq bo‘lib birlashishimiz kerak. Har bir siyosatchi, jamoat arbobi, jurnalist, bloger yoki oddiy fuqaro o‘z so‘zi va qilmishi uchun mas’uliyatni his qilishi kerak. Endi biz qilayotgan barcha ishlar davlat manfaatlariga mos bo‘lishi kerak”, deydi mamlakat yetakchisi.

“Davlat texnik xizmati” AJ ma’lumotiga ko‘ra, 25 sentyabrdan boshlab Qozog‘istonga keng ko‘lamli kiberhujumlar uyushtirila boshlangan. 28 sentyabrda kiberhujumlar avjiga chiqqan.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

58

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing