Qozog‘istonliklarni 20 mlnga yetkazgan oilaga 2 mln tenge berildi
Olam
−
16 noyabr 2023
9674Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat aholisi 20 million kishiga yetganini e’lon qildi. Davlat rahbari bu haqda o‘zining X sahifasida yozdi.
To‘qayevning ma’lum qilishicha, bugun, 16 noyabr kuni 20 millioninchi qozog‘istonlik tug‘ilgan.
“Qozog‘iston aholisi 20 millionga yetdi! Yurtdoshlarimni ushbu muhim voqea bilan tabriklayman! Baxtli oila – xalq farovonligi, barqaror taraqqiyot mamlakatining poydevori. Hukumat oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi ishlarni davom ettiradi”, deb yozadi mamlakat Prezidenti.
Qozoq nashrlarida yozilishicha, Qozog‘istonning 20 millioninchi fuqarosi bo‘lgan chaqaloqning oilasiga 2 million tenge (4 ming 313 dollar)lik sertifikat topshirilgan.
Mazkur mablag‘ Otbasy Bank tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, bank rahbariyati ushbu tarixiy voqeaga hissa qo‘shgan oilaga “suyunchi puli” ajratishga qaror qilgan. Ya’ni bank tomonidan yangi tug‘ilgan farzandi mamlakatning 20 millioninchi aholisiga aylangan besh kishilik qozoq oilasiga 2 million tengelik sertifikatlar berilgan.
“Ushbu sertifikat jajji fuqaroning kelajakda o‘z uyini sotib olishiga birinchi sarmoya bo‘ladi”, degan bank rahbari Lazzat Ibragimova.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr