Qozog‘istonlik jurnalist Kiyevdagi suiqasddan so‘ng vafot etdi
Olam
−
02 iyul
5036Ukraina poytaxti Kiyev shahrida qozog‘istonlik muxolifatchi jurnalist Aydos Sodiqov vafot etdi. Bu haqda uning rafiqasi Natalya Sodiqova Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“O‘n uch kun davomida Aydos reanimatsiyada hayot uchun kurashdi, ammo hech qanday mo‘’jiza sodir bo‘lmadi”, deb yozadi jurnalistning rafiqasi.
Aydos Sodiqov mahalliy vaqt bilan soat 3:00 da olamdan o‘tdi.
Ma’lumot uchun, 18 iyun kuni muxolifatdagi “Baza” YouTube kanali muallifi Aydos Sodiqovga suiqasd uyushtirildi – u xotini bilan mashinada bo‘lganida boshiga o‘q uzilgan. O‘sha kuni jurnalist "miyaga o‘tuvchi yara" olgani va og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingandi. Uning xotini jarohatlanmagan. 21 iyun kuni Ukraina Bosh prokuraturasi Qozog‘iston fuqarolari Altay Jakanboyev va Meyram Karatayev jurnalistga suiqasd uyushtirishda gumon qilinayotgani haqida xabar berdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular Kiyevga Polshadan kelgan. 22 iyun kuni Altay Jakanboyev Ukraina politsiyasiga taslim bo‘ldi. Qozog‘iston Bosh prokuraturasi ikkinchi gumonlanuvchining qayerdaligini aniqlash bo‘yicha tergov-tezkor tadbirlari o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
Natalya Sodiqova gumonlanuvchilardan biri politsiyachi ekanligini yozdi. Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Meyram Karatayev 2019 yilning yanvarida ichki ishlar organlaridan bo‘shatilganini ma’lum qildi.
Sodiqov rafiqasi Natalya bilan 2014 yildan beri Ukrainada qochqin maqomiga ega. Qozog‘istonda ular 2023 yildan buyon ijtimoiy, milliy yoki diniy adovat qo‘zg‘atishda ayblanib, qidiruvga berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ukrainada qozog‘istonlik jurnalistning o‘qqa tutilishiga izoh bergandi. Bosh prokuratura otib ketilgan qozog‘istonlik jurnalist bo‘yicha tergov boshlangandi.
Azizbek Eshmamatov
LiveBarchasi