Bosh prokuratura otib ketilgan jurnalist bo‘yicha tergov boshladi

Olam

image

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Kiyevda qozog‘istonlik jurnalist Aydos Sodiqovga nisbatan uyushtirilgan suiqasd bo‘yicha tergov boshladi. Bu haqda nazorat organi matbuot xizmati xabar berdi.

“Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi 18 iyun kuni Kiyevda sodir bo‘lgan Aydos Sodiqovni o‘ldirishga qaratilgan suiqasd bo‘yicha sudgacha tergovni boshladi”, deyiladi xabarda.

Manbaga ko‘ra, mazkur jinoyat bo‘yicha tezkor-tergov guruhi shakllantirilib, jinoyatni fosh etish va gumonlanuvchilarni ushlash bo‘yicha zarur tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda.

“Kecha Qozog‘iston Bosh prokurori Ukraina Bosh prokuroriga ushbu jinoyatni ochishda qozog‘istonlik eng tajribali tergovchilarni jalb qilgan holda har tomonlama yordam berish taklifi bilan murojaat qildi”, deya qo‘shimcha qildi prokuratura.

18 iyun kuni Kiyevda qozog‘istonlik muxolifatchi jurnalist, "Base" YouTube va Telegram kanallari asoschisi Aydos Sodiqovga suiqasd uyushtirildi. Noma’lum shaxs to‘xtab turgan mashinaga yaqinlashib, Aydosga qarata o‘q uzgan. Bu mahalda mashina ichida jurnalistning rafiqasi bo‘lgan.

Ukraina Bosh prokuraturasi Qozog‘istonning ikki fuqarosi qotillikka suiqasdda gumon qilinayotgani haqida xabar berdi. Ular xalqaro qidiruvga berilgan.

Sodiqov rafiqasi Natalya bilan 2014 yildan buyon qochqin maqomiga ega bo‘lgan holda Ukrainada istiqomat qiladi. Qozog‘istonda ular 2023 yildan buyon ijtimoiy, milliy yoki diniy adovat qo‘zg‘atishda ayblanib, qidiruvga berilgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu holat yuzasidan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 19 iyun kuni bayonot berdi.

“Siz mening prinsipial pozitsiyamni bilasiz: mamlakatda qonun va tartib, boshqacha qilib aytganda, ushbu ikkita narsa hukmron bo‘lishi kerak. Jamiyatimizdagi barcha nizo va kelishmovchiliklar faqat  amaldagi qonunchilik asosida, asosiy xalqaro standartlarga muvofiq hal etilishi kerak. Aynan shu nuqtayi nazardan, kecha Kiyevda Qozog‘iston fuqarosi Aydos Sodiqovga nisbatan sodir etilgan jinoyatni jiddiy ko‘rib chiqishimiz zarur”, degan To‘qayev.


Maqola muallifi

Teglar

Aydos Sodiqov Qozog'iston Bosh prokuraturasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar