Qozog‘istondan yonilg‘i olib chiqishga urinish keskin oshdi

Olam

image

Qozog‘istonda ikki sutka ichida mamlakatdan yonilg‘i olib chiqib ketishga bo‘lgan 60 dan ortiq urinishning oldi olindi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi hukumati ma’lum qildi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Yerjan Bijanov yonilg‘i bozoridagi vaziyatga bag‘ishlangan hukumat yig‘ilishida so‘nggi ikki sutka ichida Qozog‘iston chegarasida respublikadan yonilg‘i-moylash materiallarini (YOMM) olib chiqib ketishga bo‘lgan 61 ta urinishning oldi olingani haqida axborot berdi. Xususan, qo‘shimcha baklar va kanistralarda jami 3 tonnadan ortiq yoqilg‘i aniqlangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mobil guruhlar chegaraoldi trassalarida tun-u kun patrullik qilmoqda hamda benzin tashuvchi va avtotsisternalarni tekshirmoqda. Shuningdek, davlat daromadlari organlari 62 ta avtoyonilg‘i quyish shoxobchasi va 22 ta kichik neftni qayta ishlash zavodi faoliyatini tekshirib, ularda xizmat ko‘rsatish hajmining anomal darajada o‘sishini aniqlagan.

Ichki ishlar vaziri Yerjan Sadenovning ma’lum qilishicha, yil boshidan buyon umumiy hajmi 40 ming litrdan ortiq bo‘lgan neft mahsulotlarini noqonuniy olib chiqib ketishga bo‘lgan 593 ta urinish bartaraf etilgan.

Hozirgi vaqtda Qozog‘istonda benzin, dizel yonilg‘isi va yana bir qator neft mahsulotlarini avtomobil hamda temir yo‘l transporti orqali xorijga olib chiqib ketishga taqiq amal qilmoqda va ushbu taqiqni yana yarim yilga uzaytirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada yuzaga kelgan benzin tanqisligi Markaziy Osiyo davlatlariga ham ta’sir ko‘rsata boshlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing