Qozog‘istondan O‘zbekistonga qatnov vaqti qisqarishi kutilmoqda

Olam

image

Qozog‘istonning Turkiston viloyatida boshlangan Sariog‘ash aylanma yo‘li qurilishi O‘zbekistonga avtomobilda qatnovni tezlashtirishi kutilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Vazirlar Mahkamasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur loyiha Turkiston viloyatida tranzit transportini shahar tashqarisiga chiqarib, ichki yo‘llardagi yuklamani kamaytiradi hamda O‘zbekiston yo‘nalishida harakatni yanada tezlashtiradi.

Loyiha doirasida uzunligi 102,6 kilometrni tashkil etuvchi to‘rt polosali zamonaviy avtomobil yo‘li quriladi. Yo‘l xalqaro standartlarga mos bo‘lib, transport vositalarining uzluksiz va xavfsiz harakatlanishini ta’minlaydi.

Hozirda viloyatda respublika ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari uzunligi 678 kilometrni tashkil etadi. Umumiy uzunligi 99,2 km bo‘lgan 5 ta kapital va o‘rta ta’mirlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar doirasida asosiy yo‘nalishlarda transport chorrahalari va ko‘priklar ham rekonstruksiya qilinmoqda.

Joriy yilda yana 103 km uzunlikdagi Chimkent – Qizilo‘rda avtomobil yo‘lida 5 ta qo‘shimcha o‘rta ta’mirlash loyihasi rejalashtirilgan. Ushbu yo‘lda avtomatlashtirilgan harakat nazorati tizimlari o‘rnatilishi aytilgan.

Loyihalarning kompleks amalga oshirilishi natijasida zamonaviy, xavfsiz yo‘l tarmog‘i shakllanadi, hududda transport xizmati sifati yaxshilanadi va Qozog‘istonning Markaziy Osiyodagi tranzit salohiyati yanada kuchayadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi Mustaqillik shoh ko‘chasi, Mirzo Ulug‘bek va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida ikki qavatli yo‘l o‘tkazgich qurilishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston O'zbekiston Turkiston Sariog'ash aylanma yo'l

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing