Qozog‘istondagi YTHda halok bo‘lgan 8 kishining jasadi Surxondaryoga olib kelindi

Jamiyat

image

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Algin tumani hududida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan O‘zbekiston fuqarolari Surxondaryo viloyatiga olib kelindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan, Hukumat farmoyishi bilan Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari boshchiligida tashkil etilgan maxsus komissiya kecha, 4 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Aqto‘be viloyatiga yetib borgan. Maxsus komissiya a’zolari Qozog‘iston Respublikasining mas’ul idoralari rahbarlari bilan uchrashib, belgilangan tashkiliy va amaliy tadbirlarni hamkorlikda olib borgan. 

Shundan so‘ng O‘zbekiston Mudofaa vazirligining maxsus bortida yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan fuqarolar Qozog‘iston Respublikasidan bugun, 5 aprel kuni soat 03:00 larda Surxondaryo viloyatidagi Termiz xalqaro aeroportiga olib kelindi.

“Shuni alohida ta’kidlash joizki, Qozog‘iston Respublikasi mas’ul idoralari yuzaga kelgan baxtsiz hodisa oqibatida vafot etganlarni O‘zbekistonga olib kelinishida yaqindan ko‘maklashdi”, deyiladi FVV xabarida.

Bildirilishicha, Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 8 nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzillariga yuborilgan. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan dafn marosimlarini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 3 aprel kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Marjonbuloq qishlog‘idan o‘tgan Samara-Chimkent trassasida sodir bo‘lgan YTH oqibatida 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi. Kecha, 4 aprel kuni Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan 8 nafar o‘zbekistonlikning jasadini olib kelish uchun maxsus bort Qozog‘istonga uchdi. Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev avtomobil halokatida vafot etganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev unga buning uchun o‘z minnatdorligini ifoda etdi.

Shunga o‘xshash holat oldinroq ham ro‘y bergandi. 11 yanvar kuni  Rossiyaning Penza viloyatidagi M-5 Ural trassasida yuk mashinasi va mikroavtobus ishtirokida sodir bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi oqibatida 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi voqea joyida halok bo‘lgandi. Prezidentning topshirig‘i bilan Penzada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari 13 yanvar kuni Xorazm viloyatiga olib kelingandi.


Maqola muallifi

Teglar

YTH Qozog'iston Surxondaryo O'zbekiston Akto'be

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing