Qozog‘istondagi vaziyat: To‘qayev aybdorlarni ma’lum qildi
Olam
−
05 yanvar 2022
27311Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga aybdorlarni ma’lum qildi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar bermoqda.
Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatdagi hozirgi og‘ir ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat haqida gapirib, hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini ayblagan. Prezident o‘tgan yilning iyun oyida bergan topshirig‘ining ijrosini tanqid qilgan. Uning topshirig‘i Mang‘istau viloyatidagi suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchi “Qozog‘iston gazni qayta ishlash zavodi” MCHJ bazasida yangi zavod qurilishini jadallashtirish bo‘lgan.
“Hozirda faqat texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqilgan. Loyihani moliyalashtirish masalasi hal etilmagan. Ikkinchidan, suyultirilgan gaz bo‘yicha auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha amaldagi qoidalar ishlab chiqilmagan. Narxlar oshishini cheklash mexanizmlari yo‘q. Natijada, Energetika vazirligi tezkor javob bera olmadi va elektron savdolarni to‘xtata olmadi”, degan u.
Qosim-Jomart To‘qayev, shuningdek, sohani isloh qilishda tizimli yondashuv yo‘qligini ta’kidlagan.
Avvalroq, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qilgani haqida xabar bergandik.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Qozog‘iston Prezidenti Matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari bugun, 5 yanvar kuni “mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat” mavzusida ishchi uchrashuv o‘tkazadi.
LiveBarchasi