Qozog‘istondagi so‘nggi vaziyat qanday? KXSHT kuchlari kimni va nimani qo‘riqlayapti?
Olam
−
09 yanvar 2022 28048 3 daqiqa
Qozog‘istondagi namoyishlar ortidan qariyb 6 ming kishi qo‘lga olingan, ularning aksariyati xorijiy mamlakatlar fuqarolari. Bu haqda bugun, 9 yanvar kuni Prezident Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, 130 dan ortiq odam qamoqda, ular o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
Qayd etilishicha, Qozog‘istondagi tartibsizliklar ishtirokchilari uyushqoqlik bilan harakat qilgan, o‘z harakatlarini muvofiqlashtirish uchun radiostansiyalardan foydalangan.
Namoyishlar chog‘ida politsiyaning 16 xodimi vafot etdi, 1 300 nafardan ortiq politsiyachi yaralandi.
Qirg‘izistonlik musiqachi hibsga olindi
Hibsga olingan xorijliklar orasida qirg‘izistonlik musiqachi Vikram Ruzaxunov ham bor. Ayni vaqtda Qirg‘iziston Tashqi ishlar Ichki ishlar vazirliklari mamlakat fuqarosining Qozog‘istonda hibsga olinganiga oydinlik kiritmoqda.
“Vikram Ruzaxunovning qo‘lga olinishi bilan bog‘liq barcha holatlarni oydinlashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda”, deyiladi Qirg‘iziston IIV xabarida.
Ta’kidlanishicha, ayni paytda Tashqi ishlar vazirligi vakolatli organlar bilan birgalikda muloqot olib bormoqda.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istondagi fuqarolarni yana bir bor “yashab turgan mamlakati qonun-qoidalariga rioya qilish, provokatsiyalarga berilmaslik, ziddiyatli vaziyatlarda ishtirok etmaslik, gavjum joylardan qochishga va uydan tashqariga chiqmaslikka chaqirmoqda.
Qozog‘iston bo‘ylab vaziyat barqarorlashdi
Prezident rahbarligida o‘tkazilgan tezkor shtab yig‘ilishida mamlakatning barcha hududlarida vaziyat barqarorlashgani, favqulodda vaziyat ustidan nazorat o‘rnatilgani, avval egallab olingan barcha ma’muriy binolar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ozod etilgani, kommunal xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va hayotni ta’minlash tizimlarining qayta tiklanayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.
“Qosim-Jomart To‘qayev kuch tuzilmalari mamlakatda jamoat tartibi va xavfsizligini to‘liq tiklash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini ta’kidladi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
To‘qayev ayrim hududlardagi tartibsizliklar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasini tuzishni buyurgan.
KXSHT Qozog‘istonda nima qilyapti?
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB – KXSHT) tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istondagi qator strategik ob’ektlarni qo‘riqlaydi. Bu haqda Prezident To‘qayev raisligida o‘tkgan tezkor shtab yig‘ilishida aytilgan.
“Davlat rahbariga huquq-tartibot idoralari va qurolli kuchlar tomonidan mamlakatimizda tartib va qonuniylikni tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilayotgani, hududlarda favqulodda holat tartibi kuzatilayotgani ma’lum qilindi. O‘tkazish punktlari o‘rnatildi, bir qator strategik ob’ektlar KXSHTga a’zo davlatlarning birlashgan tinchlikparvar kontingentiga topshirildi”, deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, Qozog‘istondagi Rossiya tinchlikparvar kuchlari Olma-Ota aerodromida o‘quv mashg‘ulotlarini boshlagan, unda favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalari ishlab chiqiladi.
Harbiy departament ma’lumotlariga ko‘ra, KXSHT tinchlikparvar kuchlarining Qozog‘istonga kirib kelgan Rossiya tinchlikparvar kontingenti havo-desant qo‘shinlari bo‘linmalari konvoylarda missiya hududlariga yo‘l olishgan, u yerda vaziyatga oydinlik kiritilgach, hayotiy muhim ob’ektlar va ijtimoiy infratuzilmani himoya qilishga kirishgan.
Ma’lum qilinishicha, KXSHT tinchlikparvar kuchlarining Rossiya kontingenti asosiy kuchlarini Qozog‘istonga o‘tkazish davom etmoqda.
Ertaga, 10 yanvar kuni Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining Qozog‘istondagi vaziyatni muhokama qilish bo‘yicha onlayn konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu ma’lumotni Rossiya Prezident Matbuot kotibi Vladimir Peskov tasdiqlagan.
Live
Barchasi