Qozog‘istonda yo‘qolgan vertolyot ekipaji 12 kundan buyon qidirilmoqda
Olam
−
05 avgust 8478 2 daqiqa
Qozog‘istonda bedarak yo‘qolgan vertolyot ekipajini izlash va qutqarish ishlari 12 kundan buyon to‘xtovsiz davom ettirilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi matbuot xizmatiga tayanib, “Kaz.Inform” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qidiruv ishlari davomida 330 nafardan ortiq harbiy va mutaxassis, 59 ta avtomobil texnikasi, 23 ta suvda harakatlanuvchi vosita, 12 ta uchuvchisiz uchish apparati, maxsus uskunalar va xizmat itlari jalb qilingan.
Qidiruvga Mudofaa vazirligi mutaxassislaridan tashqari Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa davlat tuzilmalari xodimlari ham jalb etilgan.
Mudofaa vaziri, aviatsiya general-leytenanti Dauren Kosanov topshirig‘iga ko‘ra, maxsus komissiya ham tuzilgan. Uning tarkibiga Davlat aviatsiyasining parvozlar xavfsizligi bo‘limi yuqori malakali mutaxassislari kiritilgan. Komissiyaning bir qismi bevosita qidiruv ishlarida ishtirok etmoqda, ikkinchi qismi esa aviatsiya hodisasining sabablarini aniqlashga qaratilgan tergov ishlarini olib bormoqda.
Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni, aviatsiya general-mayori Asqar Izbasovning aytishicha, o‘tish qiyin bo‘lgan hududlarda havodan razvedka ishlari olib borilmoqda. Sohil bo‘yi va ko‘l suvlari hududi sinchiklab tekshirilmoqda. Suv tubining chuqur bo‘lishi, ko‘rinuvchanlikning yo‘qligi, ob-havoning beqarorligi kabi tabiiy to‘siqlarga qaramay, qidiruv kecha-yu kunduz davom etmoqda. Shu bilan birga, maxsus uskunalar bilan jihozlangan ilmiy va texnik tashkilotlar ham ishga jalb etilgan.
Uning aytishicha, texnik tergov doirasida vertolyotni tayyorlash va undan foydalanish bo‘yicha hujjatlar, meteorologik va ornitologik (qushlar bilan bog‘liq) sharoitlar, huquqni muhofaza qiluvchi va aviatsiya xizmatlarining materiallari hamda boshqa ehtimoliy omillar to‘liq tahlil qilinmoqda.
Bildirilishicha, qidiruv ishlari ekipaj a’zolarining taqdiri aniqlanib, voqeaning sabablari va oqibatlari to‘liq ma’lum bo‘lgunga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Olmaota viloyatida bortida uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan EC-145 harbiy vertolyoti radarlardan yo‘qolib qolgandi. Keyinchalik esa uning qoldiqlari topilgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr