Qozog‘istonda YTHga uchragan o‘zbekistonliklar orasida qurbonlar soni ortdi
Jamiyat
−
14 may 2022
10906Qozog‘istonda avtobus ag‘darilishi oqibatida halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uch nafarga yetdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlikka ko‘ra, bugun, 14 may kuni baxtsiz hodisa oqibatida yana bir fuqaro vafot etgan. Ayni paytda marhumni olib kelish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 2 nafar vafot etgan fuqaroning jasadi yashash manzili – Buxoro va Xorazm viloyatlariga yuborilgan.
Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan marosim tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 may kuni Qozog‘istonning Jambil viloyati Jaulin tumanida O‘zbekiston fuqarolarini olib ketayotgan avtobus YTHga uchradi. Avtobusda 53 nafar yo‘lovchi, jumladan, 47 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan. Hodisa oqibatida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi.
Bugun, 14 may kuni Jambil viloyatida yuz bergan YTHda jabrlangan O‘zbekiston fuqarolari Vatanga qaytarildi. Olib kelingan 23 nafar fuqarodan, 18 nafari Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga joylashtirilgan, 5 nafar fuqaroning ahvoli yaxshi bo‘lgani uchun uyiga javob berilgan.