Qozog‘istonda yirik o‘rmon yong‘ini avj oldi. Qurbonlar bor
Olam
−
10 iyun 2023
5373Joriy yilning 8 iyun kuni Qozog‘istonning Abay viloyatidagi Semey o‘rmon qo‘riqxonasida boshlangan yong‘in tufayli uch nafar o‘rmon xo‘jaligi xodimi halok bo‘lgani va 14 nafar o‘rmon xo‘jaligi xodimi bilan aloqa yo‘qolgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Keltirilishicha, kecha 9 iyun holatiga ko‘ra, Semey o‘rmoni qo‘riqxonasidagi yong‘in maydoni 60 ming gektarga ko‘paygan. Yong‘inni o‘chirishga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, mahalliy ijro hokimiyati organlari va Mudofaa vazirligining 600 nafardan ortiq xodimi, 168 ta texnika, 9 ta vertolyot jalb etilgan. Hozirgacha jami 275,5 tonna hajmdagi 55 ta suv chiqarish ishlari amalga oshirilgan.
Mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Favqulodda vaziyatlar vaziri Yuriy Ilinga zudlik bilan voqea joyiga borib, tabiiy ofatga qarshi kurashish ishlariga rahbarlik qilish vazifasini buyurgan.
Shuningdek, Abay viloyatidagi keng ko‘lamli yong‘in tufayli Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning Vetnamga 11-13 iyun kunlariga mo‘ljallangan rasmiy tashrifi kechroq muddatga qoldirilgan.
“Prezident Abay viloyatiga tashrif buyurib, tezkor yig‘ilish o‘tkazish va tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishni rejalashtirmoqda”, deyiladi Matbuot xizmati xabarida.
LiveBarchasi