Qozog‘istonda O‘zbekistongacha temiryo‘l liniyasi qurilishi boshlandi
Olam
−
27 noyabr 2023
5259Qozog‘istonning Turkiston viloyatida O‘zbekiston bilan chegaragacha bo‘lgan Darboza-Maqtaoral yangi temiryo‘l liniyasi qurilishi boshlandi. Qurilish ishlariga teleko‘prik orqali Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov start bergan.
“Davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev topshirig‘iga ko‘ra respublikaning transport-tranzit salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan yirik infratuzilma loyihasi amalga oshirilmoqda. Uning doirasida Qozog‘iston-O‘zbekiston davlat chegarasi orqali yangi nazorat-o‘tkazish punkti ochiladi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, yangi temiryo‘l liniyasining qurilishi yuklarni mavjud Sariog‘osh – Toshkent uchastkasidan yangi liniyaga yo‘naltirish, Sariog‘osh vokzalidagi tirbandlikni bartaraf etish va butun O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha eksport tashish hajmini oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, loyiha Turkiston viloyatini respublikaning asosiy temiryo‘l tarmog‘iga ulash orqali uning rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Qozog‘iston hukumati rahbari ta’kidlaganidek, yil oxiriga qadar O‘zbekiston bilan yuk tashish hajmi qariyb 31 million tonnani tashkil etishi prognoz qilinmoqda, bu o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga ko‘pdir.
“Ushbu uchastkaning imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, mamlakatimizning eksport va tranzit salohiyatini oshirish maqsadida biz yirik temiryo‘l loyihasi – Darboza-Maqtaoral yangi liniyasini qurishni boshlamoqdamiz”, deydi Smailov.
Loyihaning birinchi bosqichida Sirdaryo vokzaliga chiqadigan Erdaut – Maqtaarol – O‘zbekiston davlat chegarasi liniyasi qurilishi ko‘zda tutilgan. Ikkinchi bosqichda shu stansiyaga chiqish imkoniyati bo‘lgan O‘zbekiston davlat chegarasi – Jetisay filiali foydalanishga topshiriladi. Jami 152 km temiryo‘l quriladi.
LiveBarchasi