Qozog‘istonda o‘smirning o‘ldirilishi ortidan politsiya rahbariyati ham ishdan olindi
Olam
−
19 Oktabr
5809Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri Yerjan Sadenovning buyrug‘iga binoan oktyabr oyi boshlarida 16 yoshli o‘smir o‘ldirilgan Olmaota viloyatida bir necha yuqori lavozimli politsiya xodimlari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Yerjan Sadenovning buyrug‘iga binoan o‘z lavozimidan ozod etilganlar quyidagilar:
- viloyat politsiya departamenti (PD) boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Serik Shalxarov;
- viloyat PD ekstremizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Ulan Baytakov;
- viloyat PD jinoiy politsiya boshqarmasi boshlig‘i Ruslan Smagulov;
- viloyat PD uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Dulat Qayir va uning o‘rinbosari Janat Umarov.
Bundan tashqari, Talg‘ar tumani politsiya boshqarmasi boshlig‘i Nurjan Kuntunov ham lavozimidan ozod qilingan.
Shuningdek, avvalroq tergov fonida tuman hokimi devoni rahbari, tuman prokurori va boshqa mansabdor shaxslar hamda kuch ishlatar xodimlar o‘z lavozimidan ozod qilingan.
Vazirlik xabariga ko‘ra, vazir tomonidan qonuniy tartibni muhofaza qilish va viloyatda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilgan. Ichki ishlar vaziri Talg‘ar tumanidagi o‘smir o‘ldirilishini tergov qilayotgan guruhni tinglab, ularga aniq ko‘rsatmalar bergan.
O‘smirning o‘ldirilishi
Joriy yilning 4 oktyabr kuni kechqurun aholisi taxminan 50 ming kishidan iborat, Olmaota shahridan 25 kilometr sharqroqda joylashgan Talg‘ar shahrida 16 yoshli o‘smir pichoqlanib, vafot etdi. Mahalliy OAVga ko‘ra, marhumning oilasi ijaraga olgan do‘konda bir shisha pivo uchun mojaro boshlangan. Xaridor pul to‘lashdan bosh tortgan va sotuvchi – o‘ldirilgan o‘smirning otasi bilan janjallasha boshlagan. Bola otasi uchun xaridordan ketishni so‘ragan. Shundan so‘ng, xaridor do‘stlari bilan do‘konga qaytib kelgan va katta janjal yuz bergan. Janjalda o‘smirning ko‘krak qafas qismi bir necha marta pichoqlangan va u shifoxonada vafot etgan. Voqea joyida bo‘lgan marhumning amakisi ham shifoxonaga yotqizilgan.
Politsiya ushbu hodisa bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va o‘n kishini qo‘lga olgan. Sud ularni ikki oy muddatga hibsga olishga qaror qilgan. Bundan tashqari, 12 oktyabr kuni Azat qishlog‘ida o‘ldirilgan o‘smirning oilasiga tegishli uy ham yonib ketgan. Hodisa oqibatida hech kim jarohatlanmagan. Politsiya oilani himoya ostiga olgan.
Ushbu hodisa butun Qozog‘istonda jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lib, keng muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Talg‘ar shahar hokimi Baxit Kurishbekov va uning o‘rinbosari Matan Sagandik ham ushbu voqea fonida ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi