Qozog‘istonda tosh davriga oid noyob qabriston topildi

Olam

image

Qozog‘istonning Qostanay viloyatida arxeologlar tosh davriga oid noyob dafn joylarini aniqladi. Ahmad Boytursinov nomidagi Qostanay mintaqaviy universiteti ekspeditsiyasi Ovulko‘l tumanidagi Shili arxeologik yodgorligida miloddan avvalgi VII–V ming yilliklarga tegishli uchta qabristonni topdi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, topilmalar qadimgi Mahanjar madaniyatiga mansub bo‘lib, ular qadimgi turar joylarning pol qismi ostidan aniqlangan. Arxeologlar bu hududda tadqiqot olib borayotgan paytda bola va ikki nafar katta yoshli kishining dafn qoldiqlarini topgan.

Mutaxassislar bunday davrga oid qabristonlar juda kam uchrashini ta’kidlamoqda. Arxeolog Irina Shevninaning so‘zlariga ko‘ra, topilma Qozog‘iston, xususan, Qostanay viloyati uchun muhim ilmiy kashfiyot hisoblanadi.

Ekspeditsiya davomida tosh va suyakdan yasalgan mehnat qurollari, sopol buyumlar hamda qadimiy bezaklar ham topilgan. Bundan tashqari, olimlar Mahanjar madaniyatiga oid qadimgi yarim yerto‘la uy-joy qoldiqlarini ham o‘rganmoqda.

Tadqiqotchilarning fikricha, qadimgi odamlarni uy polining ostiga dafn qilish an’anasi Markaziy Osiyodagi ayrim neolit davrida ham uchragan. Ushbu topilmalar orqali olimlar o‘sha davr odamlarining turmush tarzi, e’tiqodlari va ijtimoiy hayoti haqida yangi ma’lumotlar olishni rejalashtirmoqda.

Qazish ishlari davom etmoqda. Mutaxassislar topilgan qoldiqlarni chuqur o‘rganib, ularning aniq yoshi va tarixiy ahamiyatini aniqlash ustida ishlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston janubidagi qadimiy tepaliklardan birida olib borilgan tadqiqotlar natijasida ellinistik davrga oid yunon harbiy lageri izlari aniqlangani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing