Qozog‘istonda sobiq Mudofaa vaziri qo‘lga olindi
Olam
−
21 fevral 2022
9319Qozog‘istonda yanvar voqealaridan so‘ng Mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilgan Murat Bektanov hukumat harakatsizligida ayblanib, hibsga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bergan.
“19 fevral kuni Bosh prokuratura sobiq Mudofaa vaziri Bektanov Murat Karibayevichga nisbatan o‘z xizmatidagi harakatsizlik fakti bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 452-moddasiga asosan sudgacha tergov boshladi”, deyiladi xabarda.
Aniqlanishicha, kecha, 20 fevral kuni Bektanov ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, ushlanib, vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirilgan.
“Tergov manfaatlarini ko‘zlab boshqa ma’lumotlar oshkor etilishi mumkin emas”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 19 yanvar kuni Mudofaa vaziri Bektanovni ishdan bo‘shatish haqida farmon chiqardi. To‘qayev ishdan bo‘shatilgan Mudofaa vazirini qo‘mondonlik fazilatlari yo‘qligi, yanvar voqealari paytida armiyaga o‘z salohiyatini ko‘rsatishga imkon bermagani uchun tanqid qilgan.
Joriy yilning yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, ularning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qildi. To‘qayev davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi va yordam so‘rab KXSHTga murojaat qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Rasmiy malumotlarga ko‘ra, ushbu voqealar natijasida 225 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
LiveBarchasi