Qozog‘istonda Saburovga jinoyat ishi ochilishi mumkin
Olam
−
12 fevral 3678 2 daqiqa
Qozog‘istonlik qiziqchi Nurlan Saburovga Qozog‘iston prokuraturasi “yollanmachilik” ishi bo‘yicha ayblov qo‘yishi mumkin. Bu haqda “Central Asia” ma’lum qildi.
Qozog‘iston Bosh prokurori o‘rinbosari Galimjan Koygeldiyev Saburov “Legion Vagner Istra” jangchilariga 10 ta pitbayk topshirgani haqidagi ma’lumotlar sababli tekshiruv boshlanishi mumkinligini aytgan.
Saburov Rossiyaga kirishi taqiqlanishidan oldin Moskva viloyatining Istra tumanida yashagan. Ommaviy axborot vositalarida ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, u rossiyalik harbiylarga pitbayklar topshirgan.
Qozog‘istonda bunday yordam Jinoyat kodeksining 170-moddasi – “Yollanmachilik”ka olib kelishi mumkin. Ushbu modda qurolli mojarolarda ishtirok etish yoki ularga ko‘maklashish uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Nurlan Saburov – stendap-komik, yumorist va kinoaktyor. U 1991 yil 22 dekabrda Qozog‘istonning Stepnogorsk shahrida tug‘ilgan. Maktabni tugatgach, Yekaterinburgga ko‘chib o‘tgan, u yerda Ural federal universitetida o‘qigan va KVN jamoasida hamda stendap janrida chiqish qila boshlagan. 2014 yilda oilasi bilan Moskvaga ko‘chib, TNT telekanalidagi “Stund up” shou rezidentiga aylangan, 2019 yilda esa mashhur YouTube loyihasi “Chto bilo dalshe?” dasturining boshlovchisi bo‘lgan. 2020 yillar boshidan u filmlarda ham suratga tushgan va turli yumoristik loyihalarda ishtirok etgan, ammo uning siyosiy bayonotlari va xalqaro mojarolarga munosabati ayrim mamlakatlarda tanqid va konsertlarining bekor qilinishiga sabab bo‘lgan.
2025 yilning may oyida Saburov Sheremetevo aeroportida migratsiya qonunchiligini buzgani uchun ushlangan. U Rossiyada ruxsat etilgan muddatdan ortiq qolib ketgan va jarima solinib, mamlakatni tark etish talabi qo‘yilgan.
2026 yil fevral oyida esa komikka Rossiyaga 50 yil muddatga kirish taqiqi qo‘yildi. Saburov Vnukovo aeroportiga borganidan so‘ng unga Rossiyaga kirish taqiqlangani haqida rasmiy hujjat topshirilgan. Hodisa videosi internetda tarqalgan, shundan keyin Saburov deportatsiya shartlariga rozi bo‘lmasdan, Olmaotaga uchib ketgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u vositachilar orqali daromadlarini yashirishga uringan, biroq sanksiyalardan cho‘chib, Rossiya fuqaroligini olishdan bosh tortgan.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi