Qozog‘istonda politsiya boshlig‘i 27 yoshli mahbusni zo‘rladi
Olam
−
17 noyabr 2023
23737Qozog‘istonning Yettisuv viloyati Toldiqo‘rg‘on shahar politsiyasi boshlig‘i tomonidan 27 yoshli mahbus qiz zo‘rlandi. Bu haqda Senat yig‘ilishida Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Kojayev ma’lum qildi.
“Toldiqo‘rg‘on IIB boshlig‘ining aybi aniqlandi. Vazir politsiya boshlig‘idan tortib, o‘rinbosarlarigacha ishdan bo‘shatdi. Bu uyatli fakt, buni tan olishimiz kerak. Biz hammaning fikrini bila olmaymiz, ko‘plab tekshiruvlar o‘tkazildi. U bu jinoyatni sodir etgan, buning uchun javob beradi”, deydi Marat Kojayev.
Ishdan bo‘shatilganlarning ismlarini bir kun avval Ichki ishlar vazirligi rahbari Yerjan Sadenov e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bular viloyat IIB boshlig‘i Atigay Aristanov, shuningdek, uning kadrlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosarlari Talant Jumabekov va tergov bo‘yicha Maksat Yerejepovlardir.
Gap shundaki, Toldiqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Marat Kushtiboyevning qo‘lga olingani shu yilning 13 noyabr kuni ma’lum bo‘lgan. U 27 yoshli mahbusni zo‘rlaganlikda gumon qilingan.
Qizning advokatiga ko‘ra, u jamoat tartibini buzganlikda ayblanib, ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Hibsga olingan shaxs tergovchining kabinetida bo‘lganida, uni chaqirishadi.
“Sizga o‘xshagan go‘zal qizga protokol tuzmayman, degan so‘zlar bilan unga teginib, jinsiy aloqa qilishga majburlagan”, deydi advokat.
Kushtiboyevga nisbatan Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 12-moddasi 2-qismi “Shaxs tomonidan xizmat vazifasini bajarayotganda sodir etilgan zo‘rlash” bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Tergov ishlari Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan. Kushtiboyev ikki oyga hibsga olingan.
Marat Kushtiboyev 2022 yildan buyon Toldiqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limiga rahbarlik qilib kelayotgandi. U uzoq yillar Talgar tumani, Ili tumani va viloyat ma’muriy politsiya xizmatida ishlagan, 2019 yilda Olmaota viloyati mahalliy politsiya xizmati boshlig‘i etib tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyida Xorazmdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari (3 nafar qiz) 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryazov tomonidan zo‘rlab kelingani ma’lum bo‘lgandi. Dastlab Xiva tuman sudi ularga nisbatan 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinlagandi. Shuningdek, ularga sharoit yaratib bergan bolalar uyi rahbari 5 yarim yilga qamalgandi.
Keyinchalik Oybek Masharipov va Anvar Quryazovga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
LiveBarchasi