Qozog‘istonda “oltin viza” joriy etiladi
Olam
−
08:31 1794 2 daqiqa
Endi Qozog‘istonda bir qancha imkoniyatlarga ega bo‘lgan “oltin viza” joriy etiladi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat migratsiya siyosati butunlay yangi modelga o‘tkazilishi haqida farmon imzoladi.
Yangi model investorlari, malakali mutaxassislar va iste’dod egalarini jalb qilishga yo‘naltirilgan. Hujjat avvalgi ruxsat va kvota tizimidan voz kechib, uning o‘rniga rag‘batlantiruvchi yondashuvni joriy etishni nazarda tutadi. Shuningdek, raqamli islohotlar amalga oshiriladi.
Islohotlarning asosiy maqsadi Qozog‘istonni investitsiyalar va inson kapitali uchun mintaqaviy markazga aylantirishdir. Hukumatga barcha o‘zgarishlarni 2026 yil oxirigacha yakunlash vazifasi yuklatilgan.
Islohot doirasida viza tizimi qayta ko‘rib chiqiladi. Viza toifalari birlashtirilib, yangilari qo‘shiladi. Xususan, investorlar va direktorlar kengashi a’zolari uchun biznes-viza, olimlar, shifokorlar, madaniyat vakillari va yetakchi oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari uchun malakali mutaxassis vizasi, shuningdek, aniq investitsiya loyihalarida ishtirok etadigan vaqtinchalik ishchilar uchun ishchi viza joriy etiladi.
Bundan tashqari, “oltin viza” tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi. Uning egalari davlat xizmatlaridan kengroq foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ular jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi.
Shu bilan birga, raqamli rezident ID tizimi joriy qilinadi. U xorijiy fuqarolar uchun davlat va moliyaviy xizmatlardan foydalanishda shaxsni tasdiqlovchi raqamli hujjat vazifasini bajaradi. Yetakchi xorijiy oliygoh diplomlari esa nostrifikatsiya jarayonisiz avtomatik tan olinadi.
Raqamlashtirish doirasida xorijiy fuqarolar uchun QazETA yagona platformasi yaratiladi. Unda e-Residency moduli va e-Residency Invest dasturi bo‘ladi. Bu tizim orqali elektron rezidentlar Qozog‘istondagi loyihalarga hamda Xalqaro moliyaviy markaz (AIFC) maydonchasidagi investitsiyalarga banklar orqali sarmoya kiritish imkoniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, Ostona va Olmaotada majburiy ingliz tilida xizmat ko‘rsatish zonalari tashkil etiladi. Olmaotada esa sun’iy intellekt sohasidagi loyihalarni rivojlantirish uchun Almaty AI Hub ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilda Qozog‘istonda yangi formatdagi texnologik oliygoh – Sun’iy intellekt universiteti ochilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi