Qozog‘istonda noqonuniy orttirilgan milliardlar davlatga qaytarilishi belgilanmoqda
Olam
−
29 iyun 2023
5784Qozog‘iston parlamenti Senati (yuqori palatasi) a’zolari “Noqonuniy yo‘l bilan orttirilgan aktivlarni davlatga qaytarish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.
Qonunning asosiy maqsadi qonunga xilof ravishda egallab olingan va olib qo‘yilgan aktivlarni qidirish, kelib chiqishini tasdiqlash va saqlanishini ta’minlash, boshqarish, sotish va davlatga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish bilan bog‘liq jamoat munosabatlarini tartibga solishdan iborat. Hujjatda, xususan, ushbu masalalar bo‘yicha vakolatli organni tashkil etish, shuningdek, qaytarilgan mablag‘larni jamg‘arish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni moliyalashtirish uchun maxsus davlat jamg‘armasi va boshqaruv kompaniyasini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Parlamentning Qonunchilik va sud-huquq islohotlari qo‘mitasining xulosasida ta’kidlanganidek, so‘nggi 25 yil ichida Qozog‘iston hududidan qonunga zid ravishda mulklar noqonuniy olib qo‘yilgan va olib ketilgan. Turli ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, belgilangan davrda davlat mablag‘larini o‘g‘irlash, korrupsiya va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash natijasida 140 milliard dollardan 160 milliard dollargacha bo‘lgan mablag‘ xorijga olib chiqib ketilgan.
Qonun Senat tomonidan ma’qullangach, Qozog‘iston Prezidentiga imzolash uchun yuboriladi.
2022 yil iyun oyida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev respublika fuqarolari tomonidan xorijda noqonuniy olib qo‘yilgan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha idoralararo komissiya tuzish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Komissiya faoliyati davomida 760 milliard tengedan (1,7 milliard dollar) ortiq qiymatdagi aktivlar allaqachon davlat g‘aznasiga qaytarilgan.
LiveBarchasi