Qozog‘istonda neft qazib olish ikki baravarga kamaydi – “Reuters”

Olam

image

Qozog‘iston neftining asosiy eksport yo‘nalishi bo‘lgan Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) Qora dengiz terminalining dronlar hujumiga uchragani ortidan mamlakatda neft qazib olish keskin qisqardi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, qazib olish eng keskin tushib ketgan joy mamlakatning eng yirik koni – Amerikaning Chevron kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium tomonidan o‘zlashtirilayotgan Tengiz koni bo‘lgan. Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, kecha, 22 iyul kuni u yerda qazib olish ikki baravardan ham ko‘proqqa – iyul oyidagi o‘rtacha 925 ming barrelga nisbatan kuniga taxminan 406 ming barrelgacha kamaygan. Qozog‘istonda umumiy neft va gaz kondensati qazib olish 22 iyul kuni iyul oyidagi o‘rtacha 2,07 mln barreldan kuniga 1,63 mln barrelgacha tushgan.

Qozog‘iston Energetika vazirligi ham neft qazib olish hajmi qisqarganini tasdiqlagan. Vazirlikning aniqlik kiritishicha, KQK dengiz terminalida yuk ortish operatsiyalari vaqtincha to‘xtatilgan, shundan so‘ng mamlakatda “kunlik qazib olish darajasini nazorat qilinadigan tarzda tuzatish (kamaytirish)” amalga oshirilgan. 

Qozog‘iston neft eksportining 80 foizdan ortig‘i to‘g‘ri keladigan KQK Rossiyaning Qora dengiz sohilidagi terminali yaqinida tankerlarga qilingan hujumlar sababli yuk ortishni vaqtincha to‘xtatdi. Shu sababli Qozog‘istondan neft qabul qilish ham to‘xtatildi. Rossiya konsorsium tankerlariga berilgan zarbalarda Ukrainani ayblab, uning “jahon neft bozorlaridagi vaziyatni yanada beqarorlashtirishga intilayotganini” bildirdi. Oxirgi oylarda Rossiya energetika infratuzilmasiga zarbalarni kuchaytirgan Ukraina esa hujumlarga izoh bermagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 iyul kuni dronlar Novorossiysk yaqinidagi KQK dengiz terminali va ikkita tankerga hujum qildi. Konsorsium sodir bo‘lgan voqeani “terrorchilik hujumi” deb atadi va bu uning ob’ektlariga qilingan beshinchi hujum ekanini ma’lum qildi. KQK Qozog‘istonning Tengiz, Qashag‘an va Qarachag‘anaq konlaridan neft tashiydi. 2025 yilda terminal orqali taxminan 70,5 mln tonna neft o‘tkazilgan. KQK quvuri orqali dunyo neftining deyarli 2 foizi eksport qilinadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing