Qozog‘istonda mansabdor yig‘ilish vaqtida qo‘lga olindi (video)
Olam
−
06 fevral
14482Qozog‘istonning Chimkent shahri Uy-joy boshqarmasi boshlig‘i Azat Mo‘minov to‘g‘ridan to‘g‘ri hokimlikdagi yig‘ilish vaqtida qo‘lga olindi. Uning huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan olib ketilayotgani aks etgan videoni shahar hokimi G‘abit Sizdiqbekov o‘zining Instagram'dagi sahifasida e’lon qildi.
Videoda Chimkent hokimining yig‘ilish olib borishi va o‘z qo‘l ostidagilar o‘rtasidagi korrupsiya haqida gapirayotgani, hokimlikda halol odamlar ham, poraxo‘rlar ham ishlayotganini aytganini ko‘rish mumkin.
Shundan so‘ng, Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati xodimlari zalga kirib kelgan va shu yerda o‘tirgan Azat Mo‘minovning oldiga kelib, tergov harakatlarini o‘tkazish uchun ular bilan birga borishini so‘ragan.
Mo‘minov Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati xodimlari bilan birga zalni tark etganidan so‘ng, hokim majlisni davom ettirdi.
“Hamkasblar, noto‘g‘ri tushunmanglar, boshqa choram qolmadi, o‘zingiz ham bilasiz, sizdan besh oydan beri so‘rayapman”, deydi Sizdiqbekov.
Chimkent Uy-joy boshqarmasi rasmiy saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Azat Mo‘minov shahar uy-joy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. U bu lavozimda 2022 yilning oktyabr oyidan beri ishlab kelmoqda.
Mo‘minov bungacha Uy-joy boshqarmasining uy-joy fondini saqlash va rivojlantirish bo‘limiga rahbarlik qilgan. O‘tgan yillar davomida u Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimi apparati, Chimkent shahar davlat daromadlari boshqarmasi, Yo‘lovchi transporti va avtomobil yo‘llari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati Mo‘minov bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, 216 ta turarjoy binosining seysmik chidamliligini texnologik tekshirish ishlarini olib borish uchun ajratilgan byudjet mablag‘larini o‘g‘irlaganlikda gumon qilinayotganini ma’lum qildi. Dastlabki zarar miqdori 120 million tengeni (263 ming AQSH dollari) tashkil qiladi. Hozir amaldor vaqtinchalik saqlash hibsxonasida. Holat yuzasidan tergov davom etmoqda.
LiveBarchasi