Qozog‘istonda kuch ishlatar tizimlarga vazirlar qayta tayinlandi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Yerjon Sadenovni mamlakat Ichki ishlar vaziri, Davron Kosanovni esa Mudofaa vaziri lavozimiga qayta tayinladi. Bu haqda “24.kz” xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari tegishli farmonlarni imzolagan. Shu tariqa, Yerjon Sadenov va Davron Kosanov Qozog‘istonning ikki kuch ishlatar tizimiga rahbarlik qilishda davom etadi.

Ma’lumot uchun, Yerjon Sadenov 2023 yil sentyabridan buyon Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlab kelmoqda. U 1993 yilda S. Amanjolov nomidagi Sharqiy Qozog‘iston davlat universitetini, 1998 yilda esa Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining Qarag‘anda oliy maktabini tamomlagan.
Sadenov Ichki ishlar tizimida faoliyatini Sharqiy Qozog‘iston viloyatida boshlagan. 2009–2022 yillarda u transportdagi Ichki ishlar departamenti, Mang‘istau va Aqmola viloyatlari hamda Nur-Sulton shahri politsiya departamentlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

Davron Kosanov esa 2025 yil iyunidan beri Qozog‘iston Mudofaa vaziri lavozimida ishlab kelmoqda. U 1969 yil 14 oktyabrda Pavlodar viloyatida tug‘ilgan.

Kosanov Armavir oliy harbiy aviatsiya uchuvchilar bilim yurti, Yuriy Gagarin nomidagi Harbiy-havo akademiyasi hamda Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi harbiy akademiyasini tamomlagan. U harbiy xizmatini qiruvchi uchuvchi sifatida boshlagan. Keyinchalik Taldiqo‘rg‘on va Chimkent shaharlaridagi aviabazalarga qo‘mondonlik qilgan.

2013 yildan Qozog‘iston Qurolli kuchlari Havo mudofaasi kuchlariga qo‘mondonlik qilgan Kosanov 2022 yil dekabridan Bosh qo‘mondon lavozimida ishlagan. 2024 yil sentyabrda Mudofaa vaziri o‘rinbosari – Havo mudofaasi kuchlari bosh qo‘mondoni etib tayinlangan.

Qozog‘istondagi ushbu tayinlovlar hukumat tarkibi yangilanayotgan davrga to‘g‘ri keldi. Mamlakatda yangi parlament – Qurultoy saylanganidan keyin avvalgi hukumat iste’foga chiqqan, 31 avgust kuni esa Oljas Bektenov bosh vazir lavozimiga qayta tayinlangan edi.

Shu bilan birga, Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasiga ko‘ra, Mudofaa va Ichki ishlar vazirlari alohida maqomga ega bo‘lib, ularni Prezident mustaqil ravishda tayinlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Adolat” partiyasi rahbari Oybek Dadaboy nomzodini yangi tuzilgan Qurultoy raisi lavozimiga taklif qilgandi va deputatlar uni yashirin ovoz berishda bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing