Qozog‘istonda KXSHT mashg‘ulotlari boshlandi
Olam
−
01 Oktabr
2331Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi “Bereg” poligonida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining “Buzilmas birodarlik-2024” o‘quv mashg‘ulotlarining faol bosqichi boshlandi. 1-5 oktyabr kunlari tinchlikparvarlik operatsiyasi tayyorgarligi va o‘tkazilishi masalalari ishlab chiqiladi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Nashrning yozishicha, mashg‘ulotlarda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston harbiy kontingentlari ishtirok etmoqda.
“Dunyodagi vaziyat tinch emas va biz har xil chaqiriq hamda tahdidlarga, nafaqat bizning mamlakatlarimiz, balki butun jahon jamoatchiligi uchun dolzarb bo‘lgan tahdidlarga tayyor bo‘lishimiz kerak,” deydi Bosh shtab rahbari, Qozog‘iston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari Sulton Kamaletdinov.
KXSHT Qo‘shma shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Hasan Kaloyevga ko‘ra, o‘quv mashg‘ulotlarining o‘ziga xosligi shundaki, tashkilotning harbiy tuzilmalaridan tashqari, unga ichki ishlar organlari, politsiya, ichki qo‘shinlar, milliy gvardiya qo‘shinlari, xavfsizlik organlari va favqulodda vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha vakolatli organlar ham qo‘shiladi.
Nashrning yozishicha, mashg‘ulotlar davomida inqiroz zonasida mojarodan keyingi vaziyatni hal etish va gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliyot o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarga 2 000 dan ortiq harbiy xizmatchi, 500 ta zirhli tank va avtomobil texnikasi, Mi-17, Mi-35 vertolyotlari, Il-76 va Si-295 samolyotlari hamda uchuvchisiz uchish apparatlari jalb qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXSHTning Qirg‘izistondagi o‘quv mashg‘ulotlarida Xitoy, Turkiya, Buyuk Britaniya, AQSH va boshqa G‘arb davlatlarining harbiy-diplomatik korpusi vakillari ishtirok etgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi