Qozog‘istonda robot-it namoyish etildi (video)
Texnologiya
−
25 Sentabr 2023
4201“Kazaxstan injiniring” kompaniyasi hududni qo‘riqlovchi robot-itni taqdim etdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.
Ishlab chiquvchilarning so‘zlariga ko‘ra, Ostonadagi “Innoprom” forumida namoyish etilgan robot-it Xitoyda ishlab chiqarilgan bo‘lib, Qozog‘istonda unga kamera, megafon va aylanuvchi chiroq o‘rnatilgan. Robot xavfsizlik funksiyalarini bajarishi, vaziyatni tahlil qilishi va yetkazib berish vazifalarini bajarishi mumkin. Aqlli qo‘riqchi qozog‘istonlik mutaxassislar tomonidan dasturlangan.
Ishlab chiquvchilar mahsulotning narxi va uning ommaviy sotuvga qo‘yilishi haqida ma’lumot bermagan. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Unitree Go1 robot-iti qo‘shimcha funksiyalarsiz Xitoyda 2 ming 700 AQSH dollariga sotiladi.
Forumda harbiy maqsadlarda ishlatiladigan granata bilan jihozlangan qora kamuflyajdagi shunga o‘xshash robot “M-81” nomi bilan namoyish etildi. Ko‘plab nashrlar ushbu modellar UnitreeRobotics (Xitoy) kompaniyasining xo‘jalik ishlariga mo‘ljallangan robot-itlarining turli ko‘rinishlari ekani haqida yozgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilda AQSH armiyasi assotsiatsiyasining yillik konferensiyasida snayper miltig‘i bilan qurollangan jangovar robot-itning prototipi namoyish etilgandi.
Amerikaning Ghost Robotics kompaniyasining to‘rt oyoqli ixtirosi “maxsus maqsadli boshqaruvchisiz miltiq” (SPUR, Special Purpose Unmanned Rifle) bilan jihozlangan. Kompaniya robotni “harbiylarning eng yaxshi do‘sti” deb atagandi. Miltiq ishlab chiqaruvchi SWORD International veb-saytida aytilishicha, qurol to‘rt oyoqli Ghost Robotics Vision-60 kabi boshqaruvchisiz platformalardan yuqori aniqlikda o‘q otish uchun yaratilgan.
Shundan so‘ng, Rossiya va Xitoyda shunga o‘xshash modellar taqdim etilgandi. Biroq mutaxassislar bu kabi robot-itlar Ghost Robotics kompaniyasining mahsuloti singari mukammal emasligini ta’kidlashgandi.
Akobir Sayidov