Qozog‘istonda favqulodda holat e’lon qilindi
Olam
−
05 yanvar 2022
19672Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatda suyultirilgan gaz narxining keskin oshishi ortidan boshlangan namoyishlardan keyin Mang‘istau viloyati va Olmaota shahrida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Bu haqda Prezident saytida xabar berildi.
Favqulodda holat joriy yilning 5 yanvar kuni soat 01:30 dan 19 yanvar soat 00:00 gacha davom etadi.
To‘qayev namoyishchilarga murojaat qilib, jamiyat birligini buzishdan manfaatdor bo‘lgan “buzg‘unchi shaxslar” da’vatlariga amal qilmaslikni so‘radi.
“Namoyishchilardan jamiyatimiz barqarorligi va birligiga putur yetkazishdan manfaatdor bo‘lgan buzg‘unchi shaxslarning chaqiriqlariga ergashmaslikni so‘rayman. Ijtimoiy-iqtisodiy xarakterdagi boshqa talablar, jumladan, ertaga poytaxtda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda alohida ko‘rib chiqiladi”, deb yozdi To‘qayev Twitter’dagi sahifasida.
Qozog‘istonning qator shaharlarida 1-yanvardan gaz tariflarining oshishi sabab bir necha kun ketma-ket norozilik namoyishlari davom etmoqda. Qozog‘iston Energetika vazirligi yoqilg‘i narxining ko‘tarilishini yil boshidan savdoning tovar birjalariga o‘tishi bilan izohladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda namoyishchilarning beg‘araz harakatlari aks etgan video tarqalmoqda.
Videolardan birida namoyishchilar politsiya mashinasini bosib olib, silkitayotganini ko‘rish mumkin. Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Kadrlarda namoyishchilarning ba’zilari tartibsizlikka sabab bo‘layotganlarni qanday tinchlantirishga urinayotgani ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Qozog‘iston Prezidenti Matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari bugun, 5 yanvar kuni “mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat” mavzusida ishchi uchrashuv o‘tkazadi.
LiveBarchasi