Qozog‘istonda endi pasportni terminal orqali olish mumkin
Olam
−
04 mart 2023
4187Qozog‘iston hukumati pasport va shaxsiy guvohnomalarni maxsus terminal orqali rasmiylashtira oladigan loyihani sinov rejimida ishga tushirdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlab bunday qurilma Ostona tumanlaridan biridagi davlat xizmatlari markaziga o‘rnatildi.
“Qozog‘istonda birinchi marta Ichki ishlar vazirligi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi bilan birgalikda hujjatlar terminalidan foydalangan holda fuqarolarga pasport va shaxsiy guvohnoma berish bo‘yicha tajriba loyihasi ishga tushirilmoqda. Endi uning yordamida har bir fuqaro mustaqil ravishda pasport yoki shaxsiy guvohnoma olish uchun murojaat qilishi mumkin”, deydi yangi terminal taqdimotida ishtirok etgan Ichki ishlar vaziri Marat Axmetjanov.
Terminaldan foydalanish uchun mijoz barcha ma’lumotlarni to‘ldirishi, biometrik identifikatsiyadan o‘tishi, rasmga olishi, imzo qo‘yishi va QR-kod yordamida xizmat haqini to‘lashi kerak.
“Xizmat oluvchi terminal orqali ariza topshirgandan so‘ng, migratsiya xizmati xodimiga murojaat qilishi kerak. U arizaning to‘g‘riligi, fotosurat va imzoning talablarga muvofiqligini tekshiradi. Jarayon bir necha daqiqa davom etadi. Bunga qadar ushbu jarayonlarda hujjatlarni aholi qo‘lda to‘ldirar edi”, deb tushuntiriladi vazirlik bayonotida.
Davlat xizmatlari markazida tayyor hujjatlarni berish avtomatlashtirilgan punkti ham faoliyat yuritmoqda.
“Umuman olganda, ushbu texnologiya davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va tezligini oshiradi, hujjatlarni ko‘rib chiqish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi va korrupsiya xavfini minimallashtiradi, chunki barcha jarayonlar mutlaqo shaffof bo‘ladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Qozog‘iston raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Bagdat Musinning ta’kidlashicha, hozirgacha bunday terminal faqat Ostonada o‘rnatilgan.
“Kelgusida ushbu loyihani barcha hududlarda amalga oshirish rejalashtirilgan. Bunday yangiliklar jamiyatimiz va davlat idoralarini debyurokratlashtirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishning shaffofligini ta’minlash yo‘lidagi navbatdagi harakatdir. Biz davlat xizmatlaridan foydalanish sifatli va tezkor bo‘lishini ta’minlashga intilamiz”, deb yozadi u Telegram-kanalida.
LiveBarchasi