Qozog‘istonda bemorlar ko‘paydi, Koreyadan esa virus chekinyapti – so‘nggi 24 soat xabarlari

Olam

image

Dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni oshib bormoqda. 13 aprel ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda 1 848 503 nafar odam infeksiyadan zararlangan. Ushbu kasallikdan 114 629 bemor vafot etdi. Shifo topgan bemorlar soni esa keskin oshib, ular soni 431 629 kishini tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat ham ijobiy tomonga o‘zgargan. Garchi Respublikada infeksiyadan zararlanganlar soni 865 nafarni tashkil etayotgan bo‘lsa-da, shifokorlarning sa’y-harakatlari bilan 66 nafar bemor undan butkul sog‘aygan. Vafot etganlar soni esa 4 nafarni tashkil etmoqda.

Qozog‘istonda ham so‘nggi 24 soat ichida koronavirusga yana 10 kishi chalindi va mamlakatdagi bemorlarning umumiy hisobi 961 nafarga yetdi. Infeksiya yuqtirgan yangi bemorlarning 7 nafari Olma-ota shahridan, 2 nafari poytaxt Nur-Sultondan va 1 nafari Qizilo‘rda viloyatidan.

Xitoyda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus infeksiyasining 108 holati aniqlandi, ikki kishi halok bo‘ldi, 88 bemor davolandi. Bu haqda XXR davlat sog‘liqni saqlash qo‘mitasi xabar bermoqda. Aniqlanishicha, 108 ta yangi holatdan 98 tasi chetdan kirgan, qolgan 10 tasi mahalliy aholining o‘zaro muloqotidan yuqtirilgan.

Ekvadordagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatda mamlakat rahbariyati va amaldorlarning maoshi ikki baravar kamaytiriladi, dedi prezident Lenin Moreno. “Men prezident, vitse-prezident, vazirlar va vazir o‘rinbosarlarining oylik ish haqini 50 foizga kamaytirishga qaror qildim. Barcha amaldorlar va parlament a’zolari ham buni amalga oshiradi”, deb yozdi u Twitter’dagi o‘z sahifasida.

AQSHda yangi turdagi koronavirus qurbonlari soni 2220 ga oshdi, 555 mingdan ortiq odam uni yuqtirib oldi. Bu haqda Jons Xopkins universiteti ma’lumotlarida keltirilgan. Ta’kidlanishicha, Qo‘shma Shtatlarda infeksiyadan shifo topganlar soni 33 mingga yaqinlashdi. Mamlakatda 2,8 milliondan ortiq test o‘tkazilgan.

Qrim Respublikasida koronavirusning yangi holati aniqlanib, bemorlarning umumiy soni 32 kishiga ko‘paydi. “Qrim Respublikasida koronavirus infeksiyasining yana bir yangi holati tasdiqlandi... Shunday qilib, hozirgi kunda 32 nafar bemor ro‘yxatga olingan”, deyiladi mamlakat sog‘liqni saqlash qo‘mitasi bergan axborotda.

Jahonning boshqa mamlakatlarida esa quyidagi holat kuzatilmoqda: Gruziyada infeksiya yuqtirganlar soni 257 nafarga yetdi, 67 bemor olamdan o‘tdi. Moldovada esa kasallikdan vafot etgan bemorlar miqdori 32 nafarni tashkil qilmoqda. Janubiy Koreyada virusdan zararlanganlarning umumiy soni 10 537 nafarga yetdi, 217 bemor hayotdan ko‘z yumdi. Ammo bu holat fevral oyi sur’atiga qaraganda, 4,7 foiz pasayishni ko‘rsatmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Koreya

Baholaganlar

466

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing