Qozog‘istonda baliq orqali yuqadigan kasallikka chalinganlar soni ortmoqda
Olam
−
02 Oktabr 2023
9866G‘arbiy Qozog‘iston viloyati sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi yil boshidan buyon 113 ta opistorxoz kasalligi qayd etilganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26 foizga o‘sishni anglatadi. Bu haqda “Informburo” xabar berdi.
Shifokorlarning aytishicha, opistorxoz baliq orqali yuqadigan kasallik bo‘lib, uning ko‘payishiga baliqlarni noma’lum savdo joylarida shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmasdan sotib olish va mahsulotga issiqlik bilan ishlov bermaslik sabab bo‘lishi mumkin.
Opistorxozning asosiy belgilari:
- yuz va tanadagi toshma;
- tana haroratining 37-38 darajaga ko‘tarilishi, bu to‘rt haftagacha davom etadi;
- ikki haftagacha davom etadigan bosh og‘rig‘i;
- uyqu buzilishi, zaiflik, terlash va ishtahani yo‘qotish;
- mushaklardagi og‘riq;
- allergik reaksiyalar.
Agar kasallik to‘liq davolanmasa, u jigar va yurak kasalliklariga, buyrak yallig‘lanishi olib kelishi mumkin. Kasallikning kelib chiqishiga asosiy manba daryolarda yashovchi sazan oilasiga mansub baliqlardir.
Sanitariya shifokorlari kasallikka chalinmaslik uchun quyidagilarni tavsiya qiladi:
- sazan oilasiga kiruvchi xom, yetarlicha tuzlanmagan, yomon quritilgan baliqlarni iste’mol qilmaslik;
- xom baliqni kesish paytida yoki undan keyin shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish;
- baliqni 2-3 hafta davomida tuzlash;
- baliqni kamida 20 daqiqa qovurish.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Qozog‘iston shimolida kuydirgi epidemiyasi qayd etilib, 10 kishi shifoxonaga yotqizilgandi.
LiveBarchasi