Qozog‘istonda ag‘darilgan avtobus yo‘lovchilari O‘zbekistonga olib kelindi
Jamiyat
−
14 may 2022
5484Qozog‘iston Respublikasining Jambil viloyati Jualin tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida jabrlanganlar O‘zbekistonga olib kelindi. Bu Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining tezkor topshirig‘iga asosan Hukumat qarori bilan Favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari A.Latifjonov boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruh kecha, 13 may kuni soat 18:05 da Jualin tumanining markaziy shifoxonasiga yetib borgan. Ular Qozog‘iston Respublikasining mas’ul idoralari rahbarlari bilan uchrashgan hamda hamkorlik asosida tashkiliy va amaliy harakatlar olib borilgan. Soat 23:40 da Jualin tuman markaziy shifoxonasidan yo‘lga chiqib, 14 may kuni soat 04:55 da O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasi “G‘ishtko‘prik” bojxona maskaniga yetib kelingan.
Olib kelingan 23 nafar fuqarodan, 18 nafar jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga joylashtirilgan, 5 nafar fuqaroning ahvoli yaxshi bo‘lgani uchun uyiga javob berilgan.
Hozirgi vaqtda markazga joylashtirilgan fuqarolarning ahvoli shifokorlarning qat’iy nazoratiga olinib, tegishli muolajalar o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 may kuni Qozog‘istonning Jambil viloyati Jaulin tumanida O‘zbekiston fuqarolarini olib ketayotgan avtobus YTHga uchradi. Avtobusda 53 nafar yo‘lovchi, jumladan, 47 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan. Hodisa oqibatida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi