Qozog‘iston urushga tayyorlanyaptimi? Mamlakatda yangicha safarbarlik joriy etilmoqda

Olam

image

Qozog‘istonda 2025 yilda harbiy xizmatning yangi turi bo‘lgan zaxira xizmati paydo bo‘lishi mumkin. Tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan qonun loyihasi bugun, 15 noyabr kuni parlamentning yalpi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi. Bu haqda “El” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi bo‘yicha ishchi guruhga deputat Ermurat Bapi boshchilik qilmoqda. 

“Agar biz ushbu qonunni qabul qilsak, bizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri safarbarlik bo‘ladi. Harbiy ro‘yxatga olish va qabulxonalar orqali emas. Zaxiradagi harbiy xizmatchi, signal berilgan kunning o‘zida, urush sharoitida yoki biron bir xavf tug‘ilganda, darhol o‘zi ilgari tayyorgarlikdan o‘tgan harbiy qismga kelishi mumkin. U keladi va o‘sha yerda jangovar missiyani boshlaydi”, deb tushuntiradi deputat.

Loyihaga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasi fuqarolari ixtiyoriy ravishda 18 yoshdan 50 yoshgacha (bu askar va serjantlarga tegishli), ofitser sifatida esa 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar zaxiraga qabul qilinadi. Zaxirachilar bilan shartnoma uch yilga mo‘ljallangan. Faqat tibbiy komissiya va maxsus ko‘rikdan o‘tganlar zaxiraga olinadi. 

“Zakon.kz” nashrining aniqlik kiritishicha, zaxiraga olinuvchilar harbiy xizmatni yoki qisqa muddatli harbiy tayyorgarlik kurslarini tamomlagan, shuningdek, oliy o‘quv yurtlarining harbiy kafedralarida tahsil olgan shaxslar bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Harbiy qismlarda zaxiradagi askarlar o‘qitilib, ularga qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar ajratiladi. Ular faqat o‘z viloyati hududida xizmat qiladi.

Ermurat Bapining aniqlik kiritishicha, zaxiradagi askarlar tinchlik davrida odatdagidek yashab, ishlaydi. Shu bilan birga, ular har oyda faol bo‘linmalarda qisqa muddatli, shuningdek, Mudofaa vazirligi buyrug‘i bilan 30 kunlik o‘quv yig‘inlarida qatnashadi. Darslar davomida ular xizmat qilgan kunlari uchun eng kam ish haqini oladi. 30 kunlik o‘quv yig‘inlari davrida esa o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadi.

“Dastlabki bosqichda rasmiylar ikki mingga yaqin odamni yollash niyatida. Kelajakda armiya ehtiyojlaridan kelib chiqib, zaxiradagilarni jalb qilish ko‘payadi”, deya qo‘shimcha qiladi deputat. 

Shuningdek, ayollar ham zaxirada aloqachi, tibbiyot xodimi, moliya mutaxassisi va logistika xodimi sifatida xizmat qilishi mumkin. Ularni yollash uchun yiliga 3,5 milliard tenge (75,1 million AQSH dollari) dan ortiq mablag‘ talab qilinadi.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Mudofaa vazirligi zaxiradagi xizmat konsepsiyasini 2021 yilda taqdim etgan. O‘shanda vazirlik zamonaviy qurolli mojarolarda qurolli kuchlarni safarbar qilish bilan bog‘liq bir qator muammolar borligini bildirgan. Bular harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan zaxira kuchlarining mavjudligi va ularni tayyorlash, shuningdek, harbiy xizmatchilarning yo‘qotishlar yoki xodimlarning rotatsiyasini qoplash uchun zaxiradan o‘z vaqtida kelishi bilan bog‘liq masalalar hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing