Qozog‘istonda 460 nafar maktab o‘quvchici ommaviy zaharlandi
Olam
−
09 Sentabr
4178Qozog‘istonda 460 nafar maktab o‘quvchisi ommaviy zaharlandi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.
Holat Mang‘istov viloyatining Munayli tumani Besshoki qishlog‘idagi 8-maktabda qayd etilib, zaharlanishning ilk holatlari 6 sentyabr kuni kuzatilgan.
Qayd etilishicha, dastlab 58 nafar jabrlanganlar haqida xabar berilgan, 9 sentyabrga kelib esa ularning soni 460 nafarga yetgan. Shundan 377 nafari ambulator kuzatuvga yuborilgan. 83 nafar bola viloyat bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan, ikkitasi reanimatsiyada. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, barcha jabrlanganlarning ahvoli ijobiy dinamika bilan barqaror. Ikki nafar bola reanimatsiyadan umumiy palataga o‘tkazilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, maktab oshxonasi muhrlangan va yopilgan. Bolalar to‘liq sog‘ayib bo‘lgach, ular uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Hukumat zaharlanish alomatlari bilan kelgan barcha bolalar zarur tibbiy yordam, jumladan, psixologik yordam olishini aytgan. Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov topshirig‘iga ko‘ra, bir oy muddatda respublikadagi barcha maktab oshxonalarida sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etilishi nazorat qilinadi.
Qozog‘iston ichki ishlar organlari tomonidan zaharlanish bo‘yicha Jinoyat kodeksining 304-moddasi (Sanitariya qoidalari yoki gigiyena me’yorlarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida o‘quvchilar ovqatdan zaharlangandi. Mazkur maktab-internatga autsors xizmati ko‘rsatgan xususiy korxona tomonidan iste’molga yaroqsiz bo‘lgan mahsulotlardan sifatsiz oziq-ovqat tayyorlanishi oqibatida 33 nafar o‘quvchi “O‘tkir gastrit” alomatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
LiveBarchasi