Qozog‘istonda 16 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirgan o‘zbekistonlik erkak umrbodga qamaldi

3-sahifa

image

Qozog‘istonning Turkiston viloyatidagi To‘rtko‘l qishlog‘ida 16 yoshli qizning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi bilan bog‘liq rezonansli jinoyat ishi bo‘yicha sud yakuniy hukm chiqardi. Bu haqda “Almaty.tv” xabar berdi.

Sud ayblanuvchiga eng og‘ir jazo – umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi. Shuningdek, u marhumaning oilasiga 50 million tenge (1 mlrd 165 mln 500 ming so‘m) miqdorida ma’naviy zarar uchun kompensatsiya to‘lashi lozim.

Sud jarayonida gumonlanuvchi o‘z aybini to‘liq tan olmagan, biroq sud tergov tomonidan taqdim etilgan dalillarni yetarli va ishonchli deb topgan.

Turkiston viloyati ixtisoslashtirilgan tumanlararo jinoyat ishlari sudi raisi Dauren Madaliyev hukmni o‘qib eshittirar ekan, ayblanuvchi umrbod qamoq jazosiga hukm qilingani, shuningdek, pedagogik lavozimlarda ishlash va voyaga yetmaganlar bilan faoliyat yuritish huquqidan mahrum etilganini ma’lum qilgan. 

Jinoyat joriy yil 6 iyunga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Qiz do‘kondan uyiga qaytayotganida yo‘qolib qolgan. Uyiga qaytmagan maktab o‘quvchisini qarindoshlari va qishloq aholisi politsiya bilan birga tun bo‘yi qidirib, ertalab uning jasadini bolalar bog‘chasi yonidagi yo‘ldan topishgan.

38 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayblanuvchi Qozog‘iston Jinoyat kodeksining “qotillik”, “zo‘rlash” va “jinsiy zo‘ravonlik harakatlari” moddalari bilan aybdor deb topilgan. Hukm qilingan shaxs jazoni maksimal darajadagi xavfsizlikka ega bo‘lgan muassasada o‘taydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati Yetti-O‘g‘uz tumani Barskaun qishlog‘ida yashovchi 17 yoshli Oysuluv ismli qiz zo‘rlanib, keyin o‘ldirib ketilgandi. Ushbu voqea ortidan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatda o‘lim jazosini joriy etishni taklif qilgandi. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, bolalar va ayollarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish shart. Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi esa mamlakatda o‘lim jazosini qayta joriy etishning imkoni yo‘qligini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston zo'rlash To'rtko'l

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing