Qozog‘istonda ham fohishaxonalar bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda
Olam
−
04 dekabr 2023
6008Qozog‘iston bo‘ylab politsiya intim xizmatlar ko‘rsatiladigan fohishaxonalar, saunalar va massaj salonlarida ommaviy reydlar o‘tkazmoqda. Bu haqda “Polisia kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan reydlarning birinchi kunida ichki ishlar organlari tomonidan fohishalik bilan shug‘ullanish uchun binolar berish bilan bog‘liq 70 dan ortiq holat aniqlangan. Aybdorlar mamlakat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 450-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.
Bundan tashqari, huquq-tartibot idoralari xodimlari Atirau viloyatida o‘tkazilgan reyd davomida Turkiston viloyatida 18 yildan beri bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatidagi ayolni topgan.
“Suhbat davomida u 16 yoshida ota-onasi bilan janjal tufayli 2005 yilda uyidan chiqib ketgani va mamlakatning turli shaharlarida yashayotganini aytdi. O‘shandan beri u yaqinlari bilan aloqa qilmagan”, deyiladi xabarda.
U Olmaota va Chimkent shaharlaridagi turli muassasalarda farrosh bo‘lib ishlagan. Hozirda qizni oilasiga jo‘natish uchun tegishli choralar ko‘rilib, huquqiy maslahatlar berilmoqda.
“Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmalari politsiya bilan birgalikda reydlarni davom ettiradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev mamlakatda fohishaxonalar faoliyati urchiganini, 30 yil davomida davlat ham, amaldorlar ham bu holatlarga ko‘z yumganini bildirgandi. Shuningdek, u endi mamlakatni bunday balodan tozalashga va’da bergan.
LiveBarchasi