Qozog‘iston Yevroparlament rezolyutsiyasini qoraladi
Olam
−
21 yanvar 2022
5729Yevroparlamentning Qozog‘istondagi vaziyat bo‘yicha rezolyutsiyasi noxolis xulosalar va ma’lumotlarga asoslangan. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy tergov natijalari e’lon qilinmaguncha bunday hujjatlarni qabul qilishni nomaqbul deb hisoblaydi. Bu haqda respublika TIV xabar bergan.
Yevroparlament a’zolari kecha, 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Qozog‘istondagi so‘nggi norozilik namoyishlari va tartibsizliklar munosabati bilan inson huquqlariga bog‘liq vaziyat bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilib, xalqaro tergov o‘tkazish va Yevropa Ittifoqi rejimi ostidagi Qozog‘iston rasmiylariga inson huquqlarini jiddiy buzgani uchun sanksiyalar qo‘llashga chaqirgandi.
“Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yevroparlamentning mamlakatimizdagi vaziyat bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiyasi noxolis xulosalar va ma’lumotlarga asoslanganini ta’kidlaydi”, deyiladi vazirlik e’lon qilgan bayonotda.
Hujjatga ko‘ra, Qozog‘istondagi fojiali yanvar voqealariga xolis baho berilmagani xavotir uyg‘otmoqda.
“Biz Qozog‘iston Respublikasi rahbariyati tashabbusi bilan o‘tkazilgan rasmiy tergov natijalari e’lon qilinishidan oldin bunday hujjatlarni qabul qilinishini nomaqbul deb hisoblaymiz. Uning natijalari xalqaro hamjamiyatga yetkazilishini yana bir bor tasdiqlaymiz”, deb qayd etgan TIV.
LiveBarchasi