Qozog‘iston yana Golan tepaliklariga qo‘shin yuboradi

Olam

image

Qozog‘istonning uchinchi tinchlikparvar kontingenti BMTning Golan tepaliklaridagi missiyasiga qo‘shilishga tayyor. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Mudofaa vaziri o‘rinbosari, general-mayor Asqar Mustabekov uchinchi milliy tinchlikparvar kontingentning Golan tepaliklaridagi BMT missiyasi vazifalarini bajarishga tayyorligini ko‘zdan kechirgan.

“Tinchlikparvarlik operatsiyalari markazining “Bіtіmger” o‘quv markazida unga harbiy xizmatchilarni tayyorlashning to‘liq sikli taqdim etildi.

Dastur taktik, maxsus, tibbiy va til tayyorgarligini, shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq ko‘p millatli muhitda harakat qilish ko‘nikmalarini o‘z ichiga oladi”, deyiladi idora xabarida.

Ma’lum qilinishicha, o‘quv jarayonida yuqori mas’uliyatli sharoitda ishlash va xorijiy kontingentlar bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Vazir o‘rinbosari harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik darajasi va mashg‘ulotlar sifatini yuqori baholagan. U harbiylarga xizmatlari va xalqaro vazifalarni bajarishga shayligi uchun minnatdorlik bildirib, Qozog‘istonning global xavfsizlikni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi muhimligini ta’kidlagan.

Vazirlik qozog‘istonlik tinchlikparvarlar BMTning xalqaro missiyasiga shay ekanliklarini tasdiqlaganini qayd etgan. Mudofaa vazirligining qo‘shimcha qilishicha, BMTning Golan tepaliklaridagi ajratish chizig‘ini kuzatish missiyasi 1974 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Qozog‘iston unda mustaqil milliy kontingent sifatida 2024 yildan buyon ishtirok etmoqda.

Ma’lumot uchun, 2024 yil mart oyida Qozog‘iston Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari Suriya poytaxti Damashqqa uchib ketgan va u yerdan avtomobillarda “Fauar” tinchlikparvarlik bazasiga yetib borgan. Qozog‘iston guruhi 139 nafar harbiy xizmatchidan iborat bo‘lgan. 2025 yil aprel oyida ikkinchi milliy tinchlikparvar kontingentni Golan tepaliklariga tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tgan. O‘sha oyning o‘zida Qozog‘iston Golan tepaliklaridagi tinchlikparvar kontingentini rasman almashtirdi va missiyasini yakunlaganlar vataniga qaytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Golan tinchlikparvar kontingent

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing