Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi OTMlarga o‘qishga olib kirishni va’da qilayotgan firibgarlar qo‘lga olindi

3-sahifa

image

O‘zbekistonda xorijiy mamlakatlar universitetlariga o‘qishga olib kirib qo‘yishni va’da qilib, pora olayotgan kimsalar qo‘lga olingdi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlargi qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, Departamentning Ulug‘nor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.T. fuqaro F.ni Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh davlat universitetida ishlovchi tanishlari orqali ushbu universitetning jismoniy tarbiya fakultetiga o‘qishga kiritib, 2-bosqichga o‘tganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni tayyorlab berishi evaziga 2 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning O‘rtachirchiq tuman bo‘limi hamda DXXning Toshkent viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.F. boshqa bir fuqaro Ch.ning ishonchiga kirib, uni qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi Chimkent shahridagi universitetning “Huquq” yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1 200 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Jizzax shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi o‘qituvchisi Sh.S. (muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan) fuqaro U.ni kirish imtihonlarida yordam berib, ushbu texnikumga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 400 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

61

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing