Qozog‘iston va Fransiya kompaniyalari yadroviy sohasida bitim imzoladi
Olam
−
03 noyabr 2023
3724Qozog‘istonning “Kazatomprom” milliy kompaniyasi va Fransiyaning Framatome kompaniyasi yadroviy yoqilg‘i aylanishi sohasida hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Bu haqda “Kazatomprom” matbuot xizmati xabar berdi.
1 noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tgandi. Tashrif doirasida “Kazatomprom” AJ boshqaruvi raisi Meirjan Yusupov va Framatome kompaniyasining sotuv va marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Vinsent Mersiyer “Kazatomprom” va Framatome o‘rtasida yadroviy yoqilg‘i aylanishi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan.
Bitim kompaniyalar o‘rtasida yadroviy yoqilg‘i aylanishi sohasida qo‘shma istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mutaxassislarni o‘qitish va tayyorlash bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.
"Framatome "Kazatomprom" uchun yadroviy yoqilg‘i aylanishi loyihalarini ishlab chiqishda strategik muhim hamkorlardan biridir. Ishonchim komilki, qo‘shma hamkorlik bizga atom energetikasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochish imkonini beradi”, deydi Yusupov.
Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, tomonlar Qozog‘istondagi yoqilg‘i komplektlarini ishlab chiqaruvchi birinchi zavod doirasida ko‘p yillik strategik sheriklik va o‘zaro hamkorlik tajribasiga ega. Ular atom sanoati sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatida.
Ma’lumot uchun “Kazatomprom” AJ Qozog‘istonning uran, nodir metallar va atom elektr stansiyalari uchun yadro yoqilg‘isi importi va eksporti bo‘yicha milliy operatori hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 1 noyabr kuni Qozog‘istonda bo‘lgandi. U Prezident Qosim-Jomart To‘qayev bilan yakkama-yakka va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi. Makronning Qozog‘istonga safaridan oldin “Bloomberg” nashri Fransiya Prezidentining maqsadi o‘z mamlakatining energiya xavfsizligini yaxshilash ekanini yozdi. Niger bilan aloqalari yomonlashgan Fratsiyaning uranga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun unga yangi hamkorlar kerakligi aytildi.
LiveBarchasi