Nvidia rahbari Qozog‘istonda: mamlakat SI uchun 45 mingta protsessor sotib olmoqchi
Olam
−
16:42 379 3 daqiqa
AQSHning Firebird kompaniyasi Qozog‘istonga 45 mingta Nvidia Grace Blackwell grafik protsessorini yetkazib berish uchun eksport litsenziyasini oldi. Bu mamlakatda sun’iy intellekt uchun hisoblash quvvatlarini oshirishga qaratilgan yirik loyihalardan biri hisoblanadi. Bu haqda NVIDIA kompaniyasining rasmiy blogida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, kecha, 23 oktyabr kuni Nvidia asoschisi Jensin Huang Ostona shahrida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashgan. Shuningdek, u Alem.ai xalqaro sun’iy intellekt markazida Bosh vazir o‘rinbosari – Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev bilan ochiq suhbat o‘tkazgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Huang Qozog‘istonga energetika resurslaridan sun’iy intellekt sanoatini rivojlantirishda foydalanishni taklif qilgan. Uning fikricha, mamlakat kelajakda elektr energiyasini bevosita eksport qilish o‘rniga, undan hisoblash quvvatlarini yaratishda foydalanib, “intellekt” eksport qilishi mumkin. Buning uchun arzon elektr energiyasi, ma’lumotlar va hisoblash xizmatlariga talab zarur.
Huang, shuningdek, Qozog‘istonni sun’iy intellektni robototexnika, avtonom transport va sanoat tizimlari bilan birlashtiruvchi Physical AI texnologiyalari markaziga aylantirish imkoniyatini tilga olgan. Bunday texnologiyalar konchilik, qishloq xo‘jaligi, energetika va logistika sohalarida qo‘llanishi mumkin.
Qozog‘istonda yirik ma’lumotlar markazlari qurilmoqda
Firebird kompaniyasi uchun hisoblash majmuasining birinchi bosqichi Ekibastuz shahrida “Kazakhtelecom” bilan hamkorlikda qurilmoqda. Uni tijoriy foydalanishga topshirish 2027 yilning uchinchi choragiga rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqich ham amalga oshirilsa, Firebird’ning Qozog‘istondagi infratuzilmasi umumiy energiya quvvati qariyb 500 MVtga yetishi mumkin.
Bundan tashqari, Data Center Valley loyihasi ham rivojlantirilmoqda. Ma’lumotlar markazlari klasterini bosqichma-bosqich 1 GVtgacha kengaytirish rejalashtirilgan. Qozog‘iston Sun’iy intellekt vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, loyihaning 215 MVt quvvatga ega birinchi bosqichi to‘liq band qilingan.
15 iyun kuni Qozog‘iston hukumati sun’iy intellekt va raqamli infratuzilmaga oid, umumiy investitsiya hajmi 10 milliard dollar deb ko‘rsatilgan kelishuvlar paketi tuzilganini ma’lum qilgan. Kelishuvlar ma’lumotlar markazlari, bulutli xizmatlar va hisoblash quvvatlarini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Nvidia Qozog‘iston bilan bog‘liq startapga sarmoya kiritdi
Tashrif davomida Nvidia va AQSHning TKV fondi sun’iy intellekt yordamida video va tasvirlar yaratuvchi Higgsfield kompaniyasiga sarmoya kiritgani ham e’lon qilingan. San-Fransiskoda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyaning muhandislik jamoasining katta qismi Qozog‘istonda faoliyat yuritadi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, platforma foydalanuvchilari soni 40 milliondan oshgan. Nvidia va TKV kiritgan yangi investitsiya miqdori oshkor etilmagan.
Qozog‘istonda milliy sun’iy intellekt modellari ham rivojlantiriladi
Muzokaralarda milliy til modellarini rivojlantirish masalasi ham ko‘tarilgan. Huang mamlakatlar o‘z ma’lumotlari ustidan nazoratni saqlashi, mahalliy tillar va madaniy xususiyatlarni hisobga oladigan sun’iy intellekt tizimlarini yaratishi zarurligini ta’kidlagan.
“Kazakhtelecom” Ostona va Olmaotada 400 ta H200 hamda 480 ta B300 grafik protsessorini joylashtirgan. Operator 2027 yilda yana 2 mingdan ortiq GPU o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Ushbu infratuzilma Qozog‘iston kompaniyalariga o‘z sun’iy intellekt modellarini o‘qitish, xorijiy buyurtmachilarga hisoblash xizmatlarini ko‘rsatish va texnologiyalarni sanoatda qo‘llash imkonini berishi kutilmoqda.
Biroq e’lon qilingan infratuzilmaning katta qismi hali qurilish yoki rejalashtirish bosqichida. Hisoblash xizmatlari eksportining amaldagi ko‘lami ma’lumotlar markazlarining ishga tushirilishi, elektr energiyasi mavjudligi va xizmatlarga bo‘lgan talabga bog‘liq bo‘ladi.
Live
Barchasi