Chekka hududga ko‘chadiganlarga pul beriladi
Olam
−
12:38 907 2 daqiqa
2027 yil 1 yanvardan boshlab Qozog‘istonda ishchi kuchi yetishmaydigan hududlarga fuqarolarning o‘z ixtiyori bilan ko‘chib o‘tishi bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kiradi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, davlat tomonidan ko‘chib o‘tish uchun to‘lovlar, uy-joy ijarasi kompensatsiyasi va uni sotib olishda yordam berishni nazarda tutilmoqda. Dastur ishchi kuchi ortiqcha bo‘lgan hududlardan mutaxassislar yetishmaydigan viloyatlarga o‘z ixtiyori bilan ko‘chib o‘tishga mo‘ljallangan.
Fuqarolar ko‘chib ketadigan (ishchi kuchi ortiqcha bo‘lgan) hududlar qatoriga Olmaota, Jambil, Mang‘istau va Turkiston viloyatlari, shuningdek, Ostona, Olmaota va Chimkent shaharlari kiradi. Dasturda ishsizlar, talab yuqori bo‘lgan kasb egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishi mumkin.
Hududlararo ko‘chib o‘tishning asosiy sharti – yangi joyda ishga joylashish yoki tadbirkorlikni rivojlantirish. Shu bilan birga, davlat qo‘llab-quvvatlovi faqat tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan aholi punktlariga ko‘chib o‘tilgandagina taqdim etiladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, ko‘chib o‘tish uchun bir martalik subsidiya oilaning har bir a’zosi uchun, shu jumladan, arizachining o‘zi uchun ham 70 oylik hisob-kitob ko‘rsatkichi miqdorini (taxminan 8 mln so‘m) tashkil etadi.
Biroq pullar ko‘chib o‘tilgandan so‘ng darhol to‘lanmaydi. Subsidiyani olish uchun arizachi yoki uning oilasidagi mehnatga layoqatli a’zo yangi joyda ketma-ket kamida uch oy ishlashi kerak. Shu bilan birga, xodim uchun majburiy ijtimoiy to‘lovlarni o‘tkazib borilishi shart.
Dastur ishtirokchilari uchun, shuningdek, uy-joy ijarasi va kommunal xizmatlar xarajatlari uchun har oylik kompensatsiya nazarda tutilgan. Yordam miqdori oilaning qayerga – shaharga yoki qishloq joyga ko‘chib o‘tganiga, shuningdek, oila a’zolari soniga bog‘liq bo‘ladi.
Kompensatsiyani shaxsiy uy-joy sotib olingunga qadar, lekin 12 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda to‘lash rejalashtirilmoqda. Uni tayinlash uchun arizachi yoki uning oilasidagi mehnatga layoqatli a’zo yangi joyda majburiy ijtimoiy to‘lovlar bilan ketma-ket kamida olti oy ishlashi lozim.
Qo‘llab-quvvatlashning yana bir chorasi – iqtisodiy harakatchanlik sertifikatidir. Mablag‘larni ko‘chib o‘tilgan hududda uy-joy sotib olishga yoki ipoteka bo‘yicha boshlang‘ich badal sifatida yo‘naltirish mumkin.
Biroq sertifikatni faqat majburiy ijtimoiy to‘lovlar bilan ketma-ket kamida 12 oy davomida yangi joyda mehnat faoliyati tasdiqlanganidan keyin olish mumkin.
Yangi qoidalarda, agar ko‘chib o‘tgan shaxs o‘z xohishi bilan hukumat tomonidan belgilangan ko‘chib o‘tish hududini besh yil ichida tark etsa, olingan davlat yordamini qaytarib berish nazarda tutilgan.
Live
Barchasi