Qozog‘iston O‘zbekistonga olib chiquvchi yangi temiryo‘lni 2027 yilda ishga tushiradi
Olam
−
06 yanvar
2891Qozog‘iston 2027 yilda O‘zbekistonga ulanuvchi yangi temiryo‘lni foydalanishga topshirmoqchi. Bu haqda “Qozog‘iston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.
Uning ishga tushirilishi 2027 yilda eksport tashish hajmini oshiradi. Ikki mamlakatni bog‘laydigan “Darboza-Maqtaoral” temiryo‘l liniyasining 100 km masofadagi ishlari yakunlangan. Loyiha doirasida 203 km masofada rels-shpal panjaralarini yig‘ish reja qilingan. Rejadagi 9,5 million kub tuproq ishlarining 1,4 million kubi (15 foiz) bajarib bo‘lingan.
Loyihani amalga oshirishga 46 ta yo‘l qurilish texnikasi va 70 dan ortiq kishi jalb etilgan. Temiryo‘l qurilishida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning materiallaridan foydalanish ko‘zda tutilgan. Qurilish davrida 2027 yilga mo‘ljallangan 3400 ta vaqtinchalik ish o‘rni, foydalanishga topshirish jarayonida esa 500 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Ma’lum qilinishicha, “Samruk-Xazina” milliy xoldingiga kiruvchi “Qozog‘iston temir yo‘llari” kompaniyasi “Darboza-Maqtaoral” yo‘nalishini 2027 yilda foydalanishga topshirishga qariyb 286 milliard tengelik (545 million dollar) sarmoya kiritmoqda.
Oldinroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev respublika transport-logistika salohiyatini oshirish uchun 2030 yilgacha 5 ming kilometrdan ortiq temiryo‘l qurishini aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda O‘zbekistongacha temiryo‘l liniyasi qurilishi 2023 yilning noyabr oyida boshlangandi. Yangi temiryo‘l liniyasining qurilishi yuklarni mavjud Sariog‘osh – Toshkent uchastkasidan yangi liniyaga yo‘naltirish, Sariog‘osh vokzalidagi tirbandlikni bartaraf etish va butun O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha eksport tashish hajmini oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, loyiha Turkiston viloyatini respublikaning asosiy temiryo‘l tarmog‘iga ulash orqali uning rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
LiveBarchasi