Qozog‘iston Uxandan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qildi
Olam
−
02 fevral 2020
5476Qozog‘iston hukumati o‘z fuqarolarini Xitoyning Uxan shahridan evakuatsiya qildi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining Matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston fuqarolari bugun, 2 fevral kuni vatanga olib kelingan. Parvoz vaqtida ularga barcha himoya vositalari bilan ta’minlangan, ularga shifokorlar hamrohlik qilishgan.
“Qozog‘iston Respublikasi fuqarolarining salomatligi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Favqulodda tibbiyot milliy muvofiqlashtirish markazi 83 nafar qozog‘istonliklarni vatanga olib keldi. Ulardan 80 nafari Xitoyning Uxan shahrida bo‘lgan talabalardir”, deyilgan xabarda.
Olib kelinganlarning salomatligi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgandan keyin ular poytaxt kasalxonasining maxsus ajratilgan korpusida 14 kunlik karantinga joylashtirilgan.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti nomidan Xitoyga tibbiy buyumlardan iborat 13,6 tonna bo‘lgan gumanitar yordam yetkazib berilgan.
Shuningdek, Qozog‘iston Qirg‘iziston, Belarus va Armaniston hukumatining murojaatiga binoan ushbu mamlakat fuqarolarini Uxan shahridan evakuatsiya qilgan.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 26 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal va Ispaniyada aniqlandi.
Virusdan halok bo‘lganlar soni 305 nafarga, u bilan kasallanganlar soni 14559 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.
LiveBarchasi