Qozog‘iston “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi
Olam
−
29 dekabr 2023 5191 1 daqiqa
Qozog‘iston hukumati “Tolibon” harakatini mamlakatda faoliyati taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga qaror qildi. Bu haqda Respublika Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov “Kazinform”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Qozog‘iston Respublikasida taqiqlangan terroristik tashkilotlarning milliy ro‘yxatini yangilash maqsadida muntazam ravishda audit o‘tkaziladi. Ushbu jarayon doirasida BMT amaliyotiga muvofiq “Tolibon” harakatini undan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shunday qilib, BMT Xavfsizlik Kengashining majburiy bo‘lgan rezolyutsiyalariga ko‘ra, "Tolibon" harakati BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorchi deb tan olingan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilmagan”, deya tushuntirdi Smadiyarov.
TIV rasmiy vakili Qozog‘iston va “Tolibon” o‘rtasidagi diplomatik aloqalar qanday rivojlanishiga ham aniqlik kiritdi.
“Siyosiy aloqalarga kelsak, Qozog‘iston BMT Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan qaror va rezolyutsiyalarga qat’iy rioya qilishda davom etishini alohida ta’kidlamoqchiman”, deydi u.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 3-5 avgust kunlari Ostona shahrida Afg‘oniston bilan qo‘shma biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Afg‘oniston tomoni nomidan iqtisodiyotning turli tarmoqlaridan, jumladan, banklardan 150 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi. Tadbir yakunida Qozog‘iston va Afg‘oniston ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida 190,8 million dollarlik shartnomalar imzolandi.
Live
Barchasi