Qozog‘iston “tirikchilikning beliga tepgan” Rossiyani chetlab, Yevropaga neft sotish yo‘lini topdi
Olam
−
12 avgust 2022
15479Qozog‘istonning “KazMunayGaz” (KMG) davlat kompaniyasi Yevropaga neft yetkazib berish bo‘yicha Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi ma’lum qildi.
Muzokaralarda 1,5 million tonna qozoq neftini Yevropaga Ozarbayjonning Baku-Tbilisi-Jayhon quvuri orqali yetkazish muhokama qilingan. Bu quvur yo‘li Turkiyaning O‘rta yer dengizidagi Jayhon portiga neft yetkazib beradi.
Qayd etilishicha, tomonlar joriy yilning avgust oyi oxirida yakuniy kelishuvga erishishi mumkin. Yetkazib berish esa bir oydan keyin boshlanadi.
Tomonlar kelgusi yilda Qozog‘istondan yana 3,5 million tonna neftni Ozarbayjonning yana bir boshqa quvuri orqali Supsa daryosida joylashgan Gruziya portiga tashishni rejalashtirmoqda.
Xususan, ikkala yo‘nalish ham kuniga 100 000 barreldan ko‘proq neft quyish imkoniyatiga ega, bu Rossiyaning Kaspiy quvuri konsorsiumi (KQK) quvvatining 8 foizini tashkil etadi, deyiladi “Reuters” xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya sudi Qozog‘iston neftini eksport qilish bo‘yicha “Kaspiy quvurlari konsorsiumi” faoliyatini 5 iyuldan 4 avgustga qadar to‘xtatib qo‘yishga qaror qilgan edi. “Kaspiy quvurlari konsorsiumi” faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga esa “Rostransnadzor” tomonidan ishlab chiqarish ob’ektlarida ekologik qoidabuzarliklar aniqlangani sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston kuniga 1,7 million barrelga yaqin neft qazib oladi. Uning katta qismi eksport qilinadi. Mamlakat Ukrainadagi urushdan oldin ham Italiya, Niderlandiya va Fransiyaga neft sotgan. Endilikda Rossiya orqali Yevropaga "qora oltin" yetkazish cheklangani uchun rasmiy Nur-Sulton boshqa yo‘llarni qidirishga tushgan.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi