Qozog‘iston Rossiyaning YeOII bo‘yicha taklifiga rad javobini berdi
Olam
−
07 iyun 2021 13420 2 daqiqa
Qozog‘iston o‘zi a’zo bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkilotining siyosiylashtirilishiga qarshi chiqmoqda. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi YeOII to‘g‘risidagi sharhda shu haqda bayon qilgan. Unga ko‘ra, Qozog‘iston Yevroosiyo integratsiyasi organlariga g‘ayrioddiy funksiyalar berilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
“2014 yil 29 mayda imzolangan “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risida”gi shartnomaga binoan, birlashmaning maqsadi tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatlanishini ta’minlash, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratishdir”, deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi integratsiya jarayonlari faqat iqtisodiy xususiyatga ega degan pozitsiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Rasmiy Nur-Sulton pozitsiyasini o‘zgartirib, tashkilotni siyosiylashtirishga qarshi.
“An’anaga ko‘ra, biz Yevroosiyo integratsiyasi organlarini g‘ayrioddiy funksiyalar bilan ta’minlashga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlaymiz, biz tashkilotni siyosiylashtirishga qarshi chiqamiz”, deyilgan Qozog‘iston TIV sharhida.
Xabarda aytilishicha, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi kelishuvda uchinchi tarafning sanksiyalariga javob qaytarishda eng avvalo shuni e’tiborga olish kerakki, G‘arb sanksiyalari butun bir tashkilotga emas, balki alohida davlatga qaratilgan. Shuningdek, ushbu sanksiyalar iqtisodiy emas, balki siyosiy nuqtai nazarga ega.
“Qozog‘iston Respublikasi boshqa davlatlarning sanksiyalariga javoban YeOII davlatlarining “konsolidatsiyalangan choralari” bo‘yicha hech qanday muzokaralar olib bormayotganini ta’kidlaymiz. Yevroosiyo integratsiyasidagi sheriklar bilan ishlashda biz faqatgina bunday sanksiyalarning davlatlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta’sirini oldini olish bo‘yicha birgalikdagi harakatlar to‘g‘risida gapirishimiz mumkin”, deyilgan vazirlik bayonotida.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Pankin o‘tgan hafta bayonot bergandi. Unda G‘arbning Rossiya va Belarus kabi YeOIIga a’zo ayrim davlatlarga qarshi sanksiyalariga javoban Qozog‘iston bilan birgalikda choralar ko‘rish ustida ish olib borayotganini ta’kidlagandi.
Live
Barchasi