Qozog‘iston Rossiyadan gaz ittifoqini yaratish bo‘yicha taklif olmadi

Olam

image

Qozog‘iston Rossiyadan “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tashkil etish bo‘yicha rasmiy takliflarni olmadi. Bu haqda  respublika Energetika vazirligi rasmiy vakili Shingis Ilyosov xabar berdi.

“2022 yil noyabr oyida Qozog‘iston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida gaz sanoati sohasida uch tomonlama hamkorlikni shakllantirish tashabbusi Rossiya Federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan edi. Ayni paytda na Rossiya, na O‘zbekiston tomonidan rasmiy takliflar bo‘lmadi”, degan Ilyosov.

“Uch tomonlama gaz ittifoqi”ni yaratish taklifi Prezident Vladimir Putin tomonidan ilgari surilgan. Kreml loyihaning mohiyatini quyidagicha izohlagan: birinchi bosqichda muvofiqlashtirish mexanizmini yaratish, kelajakda ham ichki, ham tashqi bozorlar uchun gazni iste’mol qilish va tashish infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgandi.

Rossiya Energetika vaziri Nikolay Shulginov iyun oyida “Gazprom” tomonidan Qozog‘iston va O‘zbekiston hamkorlari bilan yil boshida imzolangan yo‘l xaritalari asosida ittifoq tuzish bo‘yicha muhokamalar davom etayotganini aytgan.

11 avgust kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Iqtisodiy hamkorlik departamenti direktori Dmitriy Birichevskiy “gaz sohasida uch tomonlama hamkorlikni kengaytirishga” boshqa davlatlar tomonidan qiziqish bildirilayotganini aytgan.

Biroq bu bayonot Turkmanistonda xavotir uyg‘otdi. “Turkmangaz” davlat konserni raisi o‘rinbosari Mirad Archayevning aytishicha, bunday loyihalar Pekinga gaz yetkazib berish bo‘yicha respublika manfaatlariga daxl qiladi. Ayni paytda turkman gazi quvur orqali Markaziy Osiyo respublikasi gazining asosiy iste’molchisi bo‘lgan Xitoyga yetkaziladi.

"Xitoyga yetkazib beriladigan gaz hajmini taqsimlashning mavjud sxemasi Turkmaniston-Xitoy gaz quvuri loyihasi ishtirokchilari sonini kengaytirish rejalarini o‘z ichiga olmaydi", deya ta’kidladi Archayev.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yildan beri Rossiya Xitoyga gaz yetkazib berish hajmini oshirib bormoqda, bu yil esa u deyarli yetakchiga aylandi. Xitoy bosh bojxona boshqarmasi statistik ma’lumotlarga tayanib, 2023 yilning birinchi yarmida qiymati bo‘yicha Rossiyaning gaz yetkazib berishi 3,4 milliard dollarni, Turkmanistonniki esa 5 milliard dollardan ko‘proqni tashkil qilgani haqida xabar bergan. Biroq solishtirilsa, Moskva o‘tgan yildan buyon Ashxabod  uchun jiddiyroq raqobatchiga aylangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston O'zbekiston Turkmaniston gaz ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing