Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda
Olam
−
16 may 2023
5506Qozog‘iston Rossiyadan O‘zbekistonga gaz tranziti bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda mamlakat Energetika vaziri Almasadam Satkaliyevga tayanib, “In Business” xabar berdi.
“Hozirda Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda, muzokaralar yetarli darajada konstruktiv tarzda olib borilmoqda”, deydi Satkaliyev.
U taklif qilinayotgan tranzit hajmini aytmagan va bularning barchasi muzokaralar davomida muhokama qilinayotganini bildirgan.
Bundan tashqari, Almasadam Satkaliyev Rossiyadan Qozog‘istonning shimoliy hududlari orqali Xitoy Xalq Respublikasiga gaz quvurini qurish masalasi muhokama qilinayotganini qo‘shimcha qilgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yo‘nalish oldindan belgilab qo‘yilgan, hozirda ushbu gaz quvurini qurish shartlari ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Gaz ittifoqi”ni yaratish tashabbusi Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan chiqqandi. Uning loyihasi muvofiqlashtirish mexanizmini yaratish, ichki va tashqi bozorlar uchun gaz iste’moli va transport infratuzilmasini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. O‘tgan yilning dekabrida esa O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Moskva va Toshkent Rossiya gazini Qozog‘iston orqali yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini, biroq bu Rossiya ilgari taklif qilgan “uch tomonlama gaz ittifoqi” emas, balki “texnik shartnoma bo‘lishini” aytgan edi.
“Biz energiya tarmoqlarimizni o‘tkazish yo‘li bilan emas, balki tijorat shartnomasi, oldi-sotdi shartnomasi asosida hamkorlik qilish uchun milliy manfaatlardan kelib chiqib muzokaralar olib bormoqdamiz”, degan vazir.
LiveBarchasi