Qozog‘iston rekord sig‘imli futbol stadioni qurish rejasidan voz kechdi
Sport
−
18:40 1038 1 daqiqa
Qozog‘istonning Olmaota viloyati hokimligi yangi Alatau shahrida 50 ming o‘rinli yopiq futbol stadioni qurish rejasidan voz kechdi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda Olmaota viloyati hokimligi binosida yangi Alatau shahrining maketi taqdim etilgan bo‘lib, unda yirik yopiq futbol stadioni qurilishi ham ko‘zda tutilgandi. 2024 yilda shaharni rivojlantirish bosh rejasi taqdimotida esa Alatau aglomeratsiyasining to‘rtta tumanidan biri – Oltin tumanida 50 ming o‘rinli arena barpo etilishi rasman e’lon qilingan. Biroq 2026 yilga kelib viloyat ma’muriyati rejani qayta ko‘rib chiqqani va bunday yirik sport inshooti qurilishi endi rejalashtirilmayotgani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, Olmaota shahri hokimligi 45 ming o‘rinli yangi futbol stadioni qurilishini ham e’lon qilgan edi. Bundan tashqari, Aqtobe shahrida 35 ming tomoshabinga mo‘ljallangan arena barpo etish rejalari ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ham Yangi Toshkent hududida yirik sport inshooti – 55 ming o‘rinli zamonaviy futbol stadioni qurilishi haqida xabar berilgan edi.