Qozog‘iston koronavirus sabab favqulodda holat e’lon qildi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, mamlakatda COVID-19 pandemiyasi sababli aholining hayoti va salomatligini himoya etish maqsadida 2020 yilning 16 mart kunidan 15 apreligicha bo‘lgan davr ichida favqulodda holat e’lon qilingan.

Hujjatga ko‘ra, jamoat tartibini, o‘ta muhim davlat va strategik, maxsus rejimli hamda alohida muhofaza qilinadigan, shuningdek, aholining hayotiy faoliyati va transportning ishlashini ta’minlaydigan ob’ektlarni himoya qilish kuchaytiriladi.
 
Odamlar gavjum yig‘iladigan, jumladan, yirik savdo nuqtalari, ko‘ngilochar markazlar, kinoteatrlar, teatrlar, ko‘rgazmalar va boshqa ob’ektlarning ish faoliyati chegaralanadi va to‘xtatiladi.

Bundan tashqari, sport va boshqa ommaviy, shuningdek, oilaviy, xotira tadbirlarini o‘tkazishni taqiqlandi.

Qozog‘iston hududiga kirish, shuningdek, uning hududidan barcha transport vositalari bilan chiqib ketishda cheklovlar o‘rnatiladi. Qozog‘iston va xorijiy davlatlar diplomatik xizmati xodimlari, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligining taklifiga binoan mamlakatga tashrif buyuradigan xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining a’zolari bundan mustasno etilgan.

Farmonga ko‘ra, favqulodda holatda qo‘llaniladigan chora-tadbirlarga Prezident huzuridagi favqulodda vaziyatlarni ta’minlash bo‘yicha Davlat komissiyasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, Mudofaa vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, shahar hokimlari Nur-Sulton, Olmaota, Chimkent va viloyatlar hokimlari mas’ul etib tayinlangan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 156 740 kishi koronavirusga chalingan, ularning 5839 nafari vafot etgan, 75 935 nafari kasallikdan forig‘ bo‘lgan.

Ayni paytda Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 6 nafarni tashkil etmoqda. 

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston koronavirus

Baholaganlar

276

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing