Qozog‘iston IBAʼni tark etadi
Sport
−
27 Sentabr
4975Qozog‘iston Boks federatsiyasi IBA a’zoligidan chiqib, yangi tashkil etilgan Xalqaro boks federatsiyasi (World Boxing)ga a’zo bo‘lmoqchi. Bu haqda Qozog‘iston Boks federatsiyasi prezidenti Shaxmurat Mutalip ma’lum qildi.
“Hozirda boksni Olimpiya o‘yinlari dasturida saqlab qolish masalasi XOQ darajasida muhokama qilinmoqda. Bu qaror boksning keyingi rivojlanishiga ta’sir qilishiga ishonamiz. Butunjahon boks bo‘yicha Olimpiya komissiyasi raisi, Qozog‘iston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Gennadiy Golovkin bilan uchrashuvda mahalliy boksni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi”, degan Shaxmurat Mutalip.
Qayd etilishicha, bu qaror mahalliy bokschilarning Olimpiadadagi kelajagi bilan bevosita bog‘liq.
Ma’lumot uchun, 2023 yil aprel oyida Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Filippin, Shvetsiya va Qo‘shma Shtatlar vakillari yangi xalqaro federatsiya – World Boxing tashkil etilganini e’lon qildi. Shuningdek, ular “boshqaruv va halollik” bilan bog‘liq muammolar tufayli IBA a’zoligidan chiqishini bildirdi.
Shu bilan birga, 10 ta mamlakat Toshkentda bo‘lib o‘tgan IBA jahon chempionatini boykot qildi. Keyinroq IBA 7 ta milliy boks federatsiyasi faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda IBA 40 ga yaqin ishtirokchidan ayrilgan. Osiyo Boks Konfederatsiyasi (ASBC) ham joriy yilning noyabr oyida IBA a’zoligidan chiqish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) va IBA o‘rtasidagi mojaro bir necha yillardan beri davom etmoqda. XOQ hatto boksni Los-Anjeles-2028 Olimpiadasi dasturiga kiritmasligi ham mumkin. Ayni paytda World Boxing tarkibiga 44 mamlakatning milliy federatsiyalari kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Boks federatsiyasi Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA)ni tark etishi haqida xabarlar tarqalgandi. Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Qozog‘iston nashriga bergan intervyusida bu mish-mishlarga javob bergandi. Murabbiy tark etish masalasini faqat rahbariyat hal etishini bildirgandi.